Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikkita hududda yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi
19:11 / 2021-06-11

Bu haqda Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.E. fuqaro J.ning ishonchiga kirib, unga 20 000 AQSH dollari evaziga tanishlari orqali Konimex tumani hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 1 gektar yer maydoni olib berishni va’da qilib, oldindan 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Navbahor tumanidagi «Sh.S.» fermer xo‘jaligi rahbari M.Sh. fuqaro B.ga xo‘jalikka tegishli bo‘lgan 6 gektar yer maydonini 90 million so‘m evaziga uning nomiga o‘tkazib berishni va’da qilib, shundan 50 millionini olgan vaqtida Departament hamda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Prezidentimiz 2021 yil 8 iyunda qabul qilgan «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk va ijara huquqlari asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.

Yer maydonlari olishda ochiq va shaffof tamoyillar asosida harakat qilish, firibgarlar tuzog‘idan ehtiyot bo‘lishni unutmang.

Sh.Mamaturopova, O‘zA