Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi qachon kuchga kiradi?
15:04 / 2021-09-27

Mamlakatimizda ta’lim tizimini mustahkamlash, uni zamon talablari bilan uyg‘unlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimizning munosib hayot kechirishi, jahon talablari darajasida ta’lim olishi va kasb egallashi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 24 sentyabrdagi qarori bilan  Oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta’limni olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizomga ko‘ra, endilikda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bakalavr (diplomli mutaxassis) darajasiga ega shaxslar bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limni olishi mumkin. Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim bo‘yicha qabul parametrlari OTM kengashi tomonidan belgilanadi.  

O‘qishga kirish uchun abituriyentlar har yili 10 iyuldan 10 avgustgacha (shu kuni ham) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tadi.Qabul tartibi (kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari, imtihon o‘tkazish muddatlari) har yili 1 iyulgacha OTM rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Qabul natijalari har yili 30 avgustgacha OTM tomonidan e’lon qilinadi.  

Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish 2-kursdan boshlanadi. Bunda o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi.  

Nizom oliy harbiy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.  

Mazkur tartib 2022 yil 1 maydan kuchga kiradi.

 

Muhayyo  Toshqorayeva, O‘zA