French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikkinchi Renessansga hissa qo‘shgan allomalar qayta kashf qilinadi
15:35 / 2025-04-02

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini muhim kontentlar bilan boyitish borasida olimlar ishtirokida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.

Markaz axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Temuriylar davri madaniy merosini o‘rganish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuvda Ikkinchi Renessans davri ulug‘ Sohibqiron Amir Temurdan boshlanib, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur davriga kelib yanada rivojlangani, bu davrda ko‘plab tarixiy, nazariy va adabiy asarlar yaratilgani e’tirof etildi. 

Bildirilgan fikrlarga ko‘ra, bu asarlar nafaqat o‘sha davr madaniyatini, balki umumiy turkiy sivilizatsiyaning rivojlanishini aks ettiradi.

Ularni tadqiq qilish va ommaga kengroq tanishtirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

– Yurtimizda qad rostlayotgan muhtasham Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z nomi bilan ham butun tarixni ifoda etadi, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi Burobiya Rajabova. – Markaz islom ma’rifati, falsafasi va islomda o‘tgan buyuk mutafakkirlarimiz haqida ma’lumot beradi. Markazda har bir davr o‘ziga xos tarzda tasnif qilingan. Ikkinchi Renessans, bu demak, sohibqiron Amir Temurdan boshlanadi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur davrini ham qamrab oladi. 

Bu borada Boburning ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, 140 yilga yaqin Samarqandda va Hirotda taxt boshqargan Temuriylar davrida islom ma’rifati, madaniyatining yuksalishi, paydo bo‘lgan adabiy va madaniy maktablar kabi jihatlar ayni shu bo‘limda yoritiladi. 

Bu davr O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi doirasida o‘rganilishi Ikkinchi Renessans manbalarini yana ilmiy iste’molga olib kiradi. Shu davrga hissa qo‘shgan shoir va adiblarni tarixchilar qayta kashf qilishadi. Ikkinchi Renessans davri o‘ttizga yaqin loyihani o‘z ichiga oladi. Amir Temur hukmronligidan boshlanib, hukmdorlar davri to‘rtga bo‘linadi. 

Sohibqiron Amir Temur davrida boshlangan sivilizatsiya Zahiriddin Muhammad Bobur davridagi o‘zgarishlarni qamrab oladi. 

Mazkur loyiha ustida ishlash olimlar, tarixchilardan ko‘plab faktologik jarayonlarni talab qiladi. Ya’ni, puxta tayyorlanayotgan ishlar natijasida muhtasham ekspozitsiya shakllantiriladi va bu jarayon o‘ziga yarasha katta mehnatni ham talab qiladi. Xususan, yurtimizda hamda xorijda ham bu yo‘nalishda ilmiy ishlar olib boriladi.

N.Usmonova, O‘zA