Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba xabari xalqqa qayci vaqtda e’lon qilingan?
08:44 / 2021-05-09

Vatanimiz tarixidagi 9 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1865 yil (bundan 156 yil oldin) – Qo‘qon xonligining amirlashkari Alimqul qo‘mondonligidagi qo‘qonlik askarlar va Toshkent shahri himoyachilari Sho‘rtepada general Chernyayev boshliq rus qo‘shinlariga qarshi hujumga o‘tdi. Nihoyatda qattiq jang bo‘lib, Alimqul og‘ir yaralandi va o‘sha kuni vafot etdi. U bu vaqtda taxminan 33–34 yoshda edi. 10 mayda Alimqul Toshkentdagi Shayxontohur qabristoniga dafn etildi.

Toshkent mudofaasining tashkilotchisi, dovyurak lashkarboshi Alimqul vafotidan so‘ng Toshkentni ruslardan himoya qilish uchun kurashga kirgan himoyachilar o‘rtasida parokandalik va vahima boshlandi. Qo‘qon xonligi askarlari Alimqul xazinasini olib, o‘z yurtlariga jo‘nab ketdilar. Shu tariqa, Toshkentda Qo‘qon xonligining qariyb 60 yillik hukmronligi barham topdi.

1882 yil (bundan 139 yil oldin) – Boqiy taxallusi bilan ijod qilgan o‘zbek adabiyotshunosi, manbashunos, shoir Mirzaabdulla Nasriddinov tavallud topdi (vafoti 1967 yil). U sharq mumtoz adabiyotini chuqur bilgan, xalq orasida navoiyxon, bedilxon degan nom olgan. Navoiy asarlarini eski o‘zbek yozuvidan yangi yozuvga o‘tkazishda ko‘maklashgan.

1932 yil (bundan 89 yil oldin) – aktyor va rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti San’at Devonov (vafoti 2016 yil) tavallud topdi. U teatrda 150 dan ortiq rol ijro etgan. Kinoda “Maftuningman” filmidagi Sharif roli bilan mashhur. San’at Devonov 2001 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

1945 yil (bundan 76 yil oldin) – 9 mayga o‘tar kechasi tungi soat 2:15 da radio orqali Berlinda fashistlar Germaniyasining so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi hujjatga imzo chekilgani to‘g‘risidagi xabar butun dunyoga ma’lum qilindi.

1945 yil (bundan 76 yil oldin) – fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Behzod Yo‘ldoshev tavallud topdi. U 2000–2005 yillarda hamda 2017 yildan hozirgi vaqtga qadar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimida faoliyat yuritmoqda. 400 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 20 dan ortiq ixtirolar muallifi. Behzod Yo‘ldoshev – “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan, “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni sohibi.

1999 yil (bundan 22 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasida birinchi bor 9 may Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlandi. Toshkentda Vatan ozodligi uchun jon fido etgan xalqimiz farzandlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan “Xotira va qadrlash maydoni”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Maydonda “Motamsaro ona” haykali hamda xiyobonning shimoliy va janubiy tomonida qad ko‘targan ayvonlar tokchalarida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik barcha jangchilarning ism-sharifi bitilgan metall tokchalar o‘rnatildi.

2001 yil (bundan 20 yil oldin) – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Xorazm viloyatining Bog‘ot, Jizzax viloyatining Zafarobod, Mirzacho‘l, Do‘stlik tumanlarida, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida, Guliston shahrida Xotira xiyobonlari barpo etildi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi