O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Badiiy akademiya bilan hamkorlikda 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Ikkinchi jahon urushi xotiralarda” nomli ijodiy ishlar ko‘rik-tanlovini e’lon qilgan edi.
"G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi hududidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida mazkur ijodiy ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabada o‘zbek xalqining ham munosib hissasi borligini, bugungi kunda tinchlik, osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrash har bir fuqaroning burchi ekanini ta’kidladi.

Tanlov natijasiga ko‘ra, rangtasvir, grafika hamda haykaltaroshlik nominatsiyalarida g‘oliblar hamda oliy mukofot – Gran-Pri sohibi taqdirlandi.
Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi o‘qituvchisi Hasan Egamberdiyevning "Mungli ko‘zlar" asari tanlovning Gran-prisiga sazovor bo‘ldi. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari Anastasiya Tillayeva hamda Tohirjon Ahmedov, erkin ijodkor Bobur Xudoyberdiyev rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik nominatsiyalari bo‘yicha birinchi o‘ringa munosib topildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri