Surxondaryo viloyatida parlament va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar qizg‘in davom etmoqda.
Mamlakatimiz kelajagini belgilaydigan muhim siyosiy kampaniyada Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va frontorti mehnat faxriylari ham faol qatnashib, deputatlikka nomzodlarga o‘z munosabatini bildirmoqda.

Saylov komissiyalari a’zolari viloyatda saylov uchastkasiga kelib ovoz berish imkoniyati bo‘lmagan keksalar, nogironlar va bemorlarning xonadoniga borib, ularning o‘z konstitutsion huquqidan foydalanishiga sharoit yaratmoqda. Jumladan, Sho‘rchi tumanidagi Oqtumshuq mahallasida joylashgan 544-uchastka saylov komissiyasi a’zolari ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Rahmonberdi bobo Mirzarahimov xonadonida bo‘ldi.

Yuz yosh bilan yuzlashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi o‘z uyida munosib nomzodlarni yoqlab ovoz berdi.
– Shu paytgacha saylovlarda o‘zim borib ovoz berib kelar edim, – deydi Rahmonberdi bobo. – Bu gal uchastkaga borolmay qoldim-da, deb o‘tirgandim. Baraka topishsin, tashkilotchilar saylov qutisi bilan kelishdi. Uyda o‘tirib, o‘zim istagan nomzodlarga Vatanimizda abadiy tinchlik, farovonlik bo‘lishini tilagan holda ovoz berdim.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri