Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar hamda faol yoshlar bilan birga Sherobod tumanidagi Galaguzar mahallasida yashaydigan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Kenja bobo Ilamanovni Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
Shu yil 99 bahorni qarshi olgan tabarruk otaxon bilan suhbat chog‘ida urush va urushdan keyingi yillardagi xizmatlari xotirlandi. Kenja bobo Ilamanovga mustahkam sog‘lik, uzoq umr tilandi.


Viloyatda davlat va jamoat tashkilotlari, harbiylar va yoshlar Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining xonadonida bo‘lib, dildan suhbat qurishi, qalbiga quvonch ulashib, purma’no pand-nasihatlarini tinglashi, sovg‘a-salomlar ulashishi ajoyib an’anaga aylangan.


Tadbir doirasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Xayrabod garnizoni harbiy qism harbiy xizmatchilari va Denov tumani hokimligi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi Dosek Meredovni ham Navro‘zi olam bilan qutladi. Shuningdek, Boysun tumanida yashaydigan 103 yoshli Shohimardon Hamroyev, qumqo‘rg‘onlik 101 yoshdagi Hayit bobo Musayevlarga harbiylar, davlat, jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlarning bayram tabriklari bir olam quvonch ulashdi.


Tadbirlarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alar topshirildi. Ular Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga ko‘rsatayotgan beqiyos g‘amxo‘rliklari uchun minnatdorlik bildirdi. Vatanimizdagi osuda, to‘kin hayotning qadriga yetish, obod, farovon turmush uchun shukrona aytish kerakligini ta’kidlashdi. Dunyoga tinchlik, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga bardavomlik, xonadonlarga xotirjamlik tilab, duo qildilar.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri