Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikkinchi imkoniyat
23:30 / 2024-12-07

Har qanday inson hayotda yashar ekan, xatoga yo‘l qo‘yadi, adashadi. Ammo eng muhimi qilingan xatolardan xulosa chiqarib, to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir. Chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan insonga, albatta ikkinchi imkoniyat beriladi.

Kuni kecha qabul qilingan davlatimiz rahbarining “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni ham bu borada muhim omil bo‘ldi.  

Xususan, farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan hamda Konstitutsiyaning 109-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 483 nafar shaxs afv etildi.  

Farmon ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 2-sonli jazoni ijro etish muassasasida tadbir tashkil etildi.

Farg‘onalik Nuriddin Abduhafizov ham hayot yo‘llarida adashib, umrining eng quvonchli kunlarini panjara ortida o‘tkazayotgan edi. Jazo o‘tash davomida bosib o‘tgan yo‘llarini, xatolarini tahlil qilish imkoniga ega bo‘lganini ta’kidlarkan, qalbini qiynagan tuyg‘ularini ham yashirmadi.  

– Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi, degan gap rost ekan, – deydi N.Abduhafizov. – Bilib-bilmay egri yo‘llarga kirib qoldim. Ammo bu yerda shukrni, boriga qanoat qilishni o‘rgandim. Izdan chiqib ketgan bo‘lsangiz, izga solib qo‘yadigan joy ekan. O‘zim uchun juda ko‘plab to‘g‘ri xulosalar chiqardim.  

Nuriddin nafaqat jazo o‘tadi, balki o‘zidagi iste’dodni ham kashf etdi. Qo‘liga qalam olib she’rlar yozdi. Ushbu tadbir Nuriddin uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Boisi afv etilgan mahkumlar orasida uning ham ismi o‘qildi.

– Bu yerga kirib yo‘qotganim oilam bag‘ridan uzoqda bo‘ldim, bobomni so‘nggi manzilga kuzata olmadim, – deydi Nuriddin. – Topganim esa kitob o‘qishlarim natijasida adabiyotga mehr qo‘yganim bo‘ldi. She’r yoza boshladim. Shu kunga qadar 70 ga yaqin she’rlarim bosilib chiqdi. Prezidentim va xalqim tomonidan kechirilganim, afv qilinganlar qatorida ekanimdan yaratganga shukrona keltirdim. Ozodlikda halol mehnat qilib, yurtim ravnaqiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.  

Shu kuni Prezident farmoni bilan muassasada jazo o‘tab kelayotgan 21 nafar mahkum shartli ozod qilinib, 10 nafar mahkumning o‘talmasdan qolgan jazosi qisqartirildi. Bu jarayon asosiy qonunimiz qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash yo‘lida olib borilayotgan amaliy ishlarning yorqin ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘lmas Baratov, O‘zA muxbiri