O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvi mamlakatimizda inson kapitaliga qaratilgan siyosat mutlaqo yangi mazmun va sifat bosqichiga ko‘tarilayotganini yana bir bor namoyon etdi. Ushbu muloqotda yosh avlodning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga qaratilgan aniq vazifa hamda mexanizmlar belgilab berildi.
Ayniqsa, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tab bo‘lgan yoshlarning ijtimoiy hayotga tez va barqaror moslashuvini ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berilgani insonparvarlik va adolat tamoyillari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini ko‘rsatadi.
Statistik tahlillarda ko‘rinadiki, kasb-hunar va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmagan shaxslarda qayta huquqbuzarlik xavfi bir necha barobar yuqori bo‘ladi. Demak, muammoning ildizi aynan ijtimoiy moslashuv, bandlik va kasbiy tayyorgarlik masalalari bilan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ilgari surilgan “Ikkinchi imkoniyat” loyihasi muammoning oqibatini emas, sababini bartaraf etishga qaratilgan tizimli yechimdir.

Mazkur loyiha doirasida jazoni o‘tab bo‘lgan yoshlar 8-12 oylik intensiv ta’lim dasturlari asosida zamonaviy va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda – dasturlash, veb-dizayn, kompyuter muhandisligi, turli texnik va servis kasblari hamda xorijiy tillar bo‘yicha chuqur tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. 8 oylik qisqa va yuqori samaradorlikka yo‘naltirilgan kurslar tezkor kasbiy ko‘nikma berishga xizmat qilsa, 12 oylik kengaytirilgan dasturlar murakkab IT va muhandislik yo‘nalishlarida mustahkam bilim va amaliy tajribani shakllantiradi. Bu esa ishtirokchilarni aniq loyihalarni amalga oshira oladigan mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, agar har bir hududda yil davomida kamida 300-500 nafar yosh ushbu dasturga jalb etilsa, dastlabki bosqichdayoq minglab yoshlar barqaror daromad manbaiga ega bo‘ladi. Bu esa bir necha yil ichida o‘n minglab fuqarolarning hayotida ijobiy burilish yasash imkonini beradi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, qayta ijtimoiylashtirish dasturlarida ishtirok etgan shaxslarda qayta jinoyat sodir etish ko‘rsatkichi 30-50 foizgacha kamayadi. Demak, mazkur tashabbus nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy va huquqiy barqarorlikni mustahkamlashga ham zamin yaratadi.
Loyiha shu yil 1-iyundan boshlab Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida joriy etiladi, kelasi yildan esa barcha hududlarda tatbiq qilinishi rejalashtirilgan. U bosqichma-bosqich va puxta o‘ylangan tarzda amalga oshiriladi. Dastlabki uch hududda to‘plangan tajriba asosida o‘quv dasturlari, ishga joylashtirish mexanizmlari va monitoring tizimi yanada takomillashtirilib, keyinchalik respublika bo‘ylab yagona standart asosida yo‘lga qo‘yiladi.
E’tiborli jihati shundaki, tashabbus faqat o‘qitish bilan cheklanmaydi. Asosiy maqsad ta’limdan keyin aniq ish o‘rinlari bilan ta’minlashdir. IT sohasida frilans va masofaviy ish imkoniyatlarining kengayib borayotgani, raqamli xizmatlarga talabning ortishi mazkur yoshlar uchun ichki va tashqi bozorlarda daromad topish imkonini yaratadi. Xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirish esa ularning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshiradi. Shu tariqa “Ikkinchi imkoniyat” g‘oyasi iqtisodiy faollikni rag‘batlantiruvchi rivojlanish modeli sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Uchrashuv davomida mutasaddilarning hisobotlari eshitilib, yoshlarning taklif va tashabbuslari tinglandi. Bu esa qaror qabul qilish jarayonida “davlat - jamiyat - yoshlar” uchligi o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlikni kuchaytiradi. Zero, yoshlarning fikri inobatga olingan joyda islohotlar samarasi yuqori bo‘ladi.
Mazkur tashabbusning yana bir muhim jihati inson qadrini ulug‘lash tamoyilining amaliy ifodasidir. Hayotda adashgan yoshga “tamg‘a” qo‘yish emas, balki unga yangi imkoniyat berish, ishonch bildirish va qo‘llab-quvvatlash orqali uni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish bu zamonaviy va adolatli davlat siyosatining belgisidir. Ushbu yondashuv jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va ijtimoiy birdamlik muhitini mustahkamlaydi.
Umuman olganda, muloqotda ilgari surilgan g‘oya va vazifalar yoshlar siyosatida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini anglatadi. “Ikkinchi imkoniyat” loyihasi minglab yoshlar taqdirini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, aniq mexanizm va muddatlarga ega, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan keng qamrovli dasturdir. Eng muhimi, u insonni jazo bilan emas, imkoniyat bilan tarbiyalash g‘oyasiga asoslangan.
Shu ma’noda, ushbu tashabbus nafaqat ayrim toifadagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, balki butun jamiyat barqarorligi, iqtisodiy o‘sish va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA