Bugun Toshkentda “Energiya samaradorligini oshirish” mavzusida o‘tkazilgan seminarda ana shunday savollar asosida qizg‘in fikr almashildi.
O‘zbekiston energetiklar milliy uyushmasi xalqaro ekspertlari,“O‘zenergoinspeksiya”ning barcha hududiy boshqarma xodimlari va Xitoyning “Sinoma Energy” kompaniyasi vakillari ishtirok etgan tadbirda energiya samaradorligiga erishishda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi va bu borada xalqaro tajribani o‘rganish jarayonlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 27avgust kuni “Energiya tejamkorligini ta’minlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokamasi” bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan shu masalalar yuzasidan qator vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra, mamlakatimizda energiya resurslariga talab yildan yilga oshib borayotgani sababli bunday ehtiyojni qoplash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Seminarda ishtirokchilar mavzu bo‘yicha fikr almashib, energiya samaradorligiga erishishning asosiy omillariga e’tibor qaratdi. Xususan, bu borada islohotlar ijrosini ta’minlash va xorij davlatlar tajribasini qo‘llash samara berishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston energetiklar milliy uyushmasi xalqaro ekspertlarining tavsiya qilishicha, yirik iste’molchilarda ikkilamchi issiqlikdan elektr energiya ishlab chiqarish bo‘yicha Xitoy tajribasi, O‘zbekistondagi sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqariladigan zararli issiq gazlarni utilizatsiya qilish va hosil bo‘ladigan ikkilamchi energiya resurslardan samarali foydalanish muhim omil hisoblanadi.
Shuningdek, tadbirda quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatishda kuzatilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish holatlariga to‘xtalib o‘tildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA