Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki yurtdoshimiz xokkey boʻyicha trener-oʻqituvchi diplomini qoʻlga kiritdi
07:58 / 2019-06-14

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda qishki sport turlarini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratgandi.


Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimizda qishki sport turlarini rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratgandi. Bu esa mazkur yoʻnalish rivojida yangi davrni boshlab berdi.

Xususan, joriy yil 15-mart kuni poytaxtimizda barpo etilgan koʻp tarmoqli “Humo Arena” muz saroyi foydalanishga topshirildi, Samarqand shahrida ham muz saroyi qurilishi boshlab yuborildi, bir qator viloyatlarda muz saroylarini qurish rejalashtirilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan mazkur inshootlardan yanada samarali foydalanish, yoshlarimizni qishki sport turlari bilan munosib shugʻullanishlari uchun ilgʻor xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda malakali trenerlar tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Jumladan, oʻtgan yilning oktyabr oyida Rossiyaning P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universiteti rahbariyati bilan bir necha marotaba muzokaralar oʻtkazilib, hamkorlikda trenerlar tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishilgandi.

Ikki tomonlama hamkorlik shartnomasiga asosan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti oʻqituvchilari Davletmurodov Sulton va Karimov Abduhamid P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universitetiga oʻqishga yuborildi.

Universitetning Trenerlar tayyorlash oliy maktabi dasturiga asosan “Yuqori malakali xokkeychilarni tayyorlash nazariyasi va metodikasi” professional qayta tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tugallagan yurtdoshlarimizga xokkey boʻyicha trener-oʻqituvchi diplomi topshirildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rasmiy sayti maʼlum qildi.

Ushbu mutaxassislar Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ochilishi rejalashtirilgan xokkey yoʻnalishiga qabul qilinadigan talaba-yoshlarni oʻqitish metodlari, fan oʻquv dasturlari, oʻquv rejalarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyat olib boradi.

Eslatib oʻtamiz, Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti hamda Rossiya Federatsiyasining P.F.Lesgaft nomidagi Sankt-Peterburg milliy davlat jismoniy tarbiya, sport va salomatlik universitetining Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tarkibida Oʻzbek-Belarus hamda Oʻzbek-Rus qoʻshma fakultetlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasi eʼlon qilingan edi.