Osiyo Olimpiya kengashi har to‘rt yilda bir marta jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarini (AIMAG) 2023 yil 17-28 noyabr kunlari Tailand Qirolligining Bangkok va Chonburi shaharlarida o‘tishini belgiladi.
Mazkur o‘yinlar aslida 2021 yil may oyida tashkil etilishi lozim edi. Ammo, epidemiologik vaziyat tufayli o‘yinlar ikki yil kechiktirildi.
Osiyo Olimpiya kengashi jang san’ati va yopiq inshootlardagi “VI Osiyo o‘yinlari Bangkok-Chonburi-2021" nomini saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Dasturga binoan Osiyo va Okeaniya qit’asining 62 ta mamlakati qatnashadigan o‘yinlarda sportchilar 29 ta sport turining 297 ta medallar jamlanmasi uchun bahslashadi.
Eslatib o‘tamiz, milliy sport turimiz kurash mazkur o‘yinlar dasturiga 2017 yildan e’tiboran rasman kiritilgandi.
Bundan besh yil muqaddam Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tgan so‘nggi o‘yinlarda O‘zbekiston sportchilari umumiy hisobda 24 ta oltin, 33 ta kumush va 74 ta bronza medallariga sazovor bo‘lgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA