O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yerga oid munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha qat’iy chora-tadbirlar belgilanayotgan bo‘lsa-da, yer bilan bog‘liq nizolar hamon davom etyapti. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer bilan bog‘liq “o‘yin”lari sug‘oriladigan unumdor yerlarning kamayishiga sabab bo‘lyapti. Ma’lumotlarga qaraganda, 2 yil davomida 120 ming gektardan ziyod yer talon-taroj qilingan, hokimlar tomonidan maqsadsiz berib yuborilgan. Prokuratura organlari tomonidan 7500 dan ortiq yerga oid qarorni bekor qilish bo‘yicha protest kiritilgan. Ma’muriy sudlar tomonidan esa tuman hokimliklarining yer bilan bog‘liq 2500 dan ortiq qarori bekor qilingan.
– Yil sayin aholi soni ko‘payib borayotgani, o‘z navbatida, ularning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ham oshiradi, – dedi O‘zMTDP fraksiyasi a’zosi A’zamjon To‘laboyev. – Bu ehtiyoj qondirilmagani oqibatida odamlar dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda uy-joy qurib olishga majbur bo‘lmoqda. Uy-joy uchun yer masalasida mahalliy hokimliklarga murojaatlar soni ham ortib bormoqda. Yer bilan bog‘liq munosabatlarda korrupsion holatlar yanada ko‘paydi. Murojaatlarni rasmiylashtirishga yordam berish o‘rniga odamlarning soddaligidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotgan “mutaxassislar”ning oshig‘i olchi bo‘layotir. Qayd etish lozim, ushbu farmon yuqoridagi kabi muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Farmonda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar ob’ekti sifatida erkin muomalaga kiritish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan, – dedi deputat.
Farmonda “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” hamda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish vazifasi belgilangan. Yig‘ilishda O‘zMTDP fraksiyasi a’zolari ushbu qonun loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etishi, davlat va xalq manfaatlari, qolaversa, partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda yondashishi lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, xalq vakillari saylovchilar bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda ushbu farmon mazmun-mohiyatini aholi orasida keng targ‘ib qilishi, tushuntirishi zarurligi ta’kidlandi. Yer munosabatlariga oid murojaatlarni hal qilishda yangi o‘zgarish va tartiblarga amal qilish lozimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA