Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki xalqning mushtarak maqsadlar yo‘lida amalga oshirilayotgan istiqbolli kelishuvlar...
15:04 / 2022-10-11

Davlatning rivojlanishi va yuksalishida ichki islohotlar bilan bir qatorda, dunyo davlatlari bilan ham ko‘p tomonlama tashqi aloqalarning o‘rni juda muhimdir. Olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida bugun barcha sohalarda tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati bugun izchil amalga oshirilmoqda. 3-4 oktyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev strategik maqsadlarni hamda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Vengriya davlatiga tashrif buyurdi. Bu tashrif ikki xalqning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari, do‘stona munosabatlarini mustahkamlash uchun yana bir muhim poydevor vazifasini bajaradi. 

Joriy yil O‘zbekiston-Vengriya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligiga 30 yil to‘ldi. Bu davrda Vengriya O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, innovatsion, irrigatsiya, ilmiy, madaniy va turistik sohalarda faol hamkorlik qilib keladi. Xususan, parlamentlararo aloqani rivojlantirish maqsadida 2020 yildan buyon O‘zbekiston Oliy Majlisida Vengriya Milliy Majlisi (parlamenti) bilan birga tuzilgan parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyat yuritib keladi. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bugun ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib, parlamentlararo va jamoatchilik aloqalari kengayib boryapti. So‘ngi yillarda ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch barobarga oshdi.  

Shuningdek, Vengriya tashabbusi bilan «Xungarikum» dasturi doirasida har yili o‘zbekistonlik talaba va doktorantlar ta’lim olishi uchun kvotalar soni 170 tagacha oshirildi. Bundan tashqari, “Stipendium Hungaricum” grant dasturi doirasida jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi izlanuvchilarga ta’lim dasturi taklif etilib, Etvosh Loran nomidagi ilmiy-tadqiqot tarmog‘i bilan hamkorlikda Vengriyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining laboratoriyalarida ilmiy izlanishlar olib borish uchun stajirovkalar tashkil etiladi. 

Davlatimiz rahbari tashrif davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni jadal rivojlantirish, sarmoyadorlarni o‘zaro manfaatli loyihalarga jalb qilish maqsadida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi, faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlanishi hamda biznes forumda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolangani ham ikki tomonning hamkorlik qilishdan manfaatdorligi, davlatlarning o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarini yuqori bosqichga olib chiqishiga xizmat qiladi. 

Bugun Vengriya davlatida sanoatning bir qancha turlari rivojlangan bo‘lib, xususan, qishloq xo‘jaligi Sharqiy Yevropada eng rivojlangan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat hududining 70 foizga yaqini qishloq xo‘jaligi yerlaridan iborat, asosiy o‘rinni dehqonchilik egallaydi. Bundan tashqari, mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya, elektronika sanoati ham ishlab chiqarishda yuqori ko‘rsatkichga ega. 

Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, qishloq xo‘jaligi, va axborot texnologiyalari sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida 15 ta hujjat imzolandi. Jumladan: 

- 2023-2024 yillarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur; 

- Fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi; 

-Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha harakatlar rejasi; 

- Jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim; 

-Fanni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolandi. Bundan tashqari, tuzilgan o‘zaro kelishuvlarni amaliyotga tadbiq yetish maqsadida O‘zbekistonning Budapeshtda diplomatik missiyasini ochishga kelishib olindi. 

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash kerakki, imzolangan istiqbolli kelishuvlar ikki xalqning mushtarak maqsadlar yo‘lida birgalikda harakat qilishi uchun yangi bosqichni boshlab berdi. 



Zuhra IBRAGIMOVA, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 

Spikeri o‘rinbosari, 

«Adolat» SDP fraksiya rahbari