Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki xalqni bog‘lagan taqdir (+video)
16:57 / 2026-03-07

Odatda diplomatiya deganda davlat rahbarlari o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar tushuniladi. Biroq keyingi yillarda “xalq diplomatiyasi” atamasi tobora keng qo‘llanilmoqda. Bu, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, madaniy muloqot, insonlar orqali shakllanadigan munosabatlar demakdir.

“Xalq diplomatiyasi” nomli yangi loyihamizning ilk sonida tarixchi olim, xalq diplomatiyasi bo‘yicha yetakchi mutaxassis — Otabek Alimardonov Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar, ikki xalqni bog‘lab turgan tarixiy va madaniy rishtalar haqida quyidagilarni gapirib berdi: 

— Tarixiy manbalarga ko‘ra, nemislar va o‘zbeklar o‘rtasidagi aloqalar bir necha asrlik tarixga ega. XIX asr oxirlarida yurtimizga ilk nemis diasporasi kirib kelgan. Ular mahalliy aholi bilan yashab, mehnat qilib, madaniy muloqotni yo‘lga qo‘ygan. Ikkinchi jahon urushi yillarida deportatsiya qilingan nemis aholisini o‘zbek xalqi bag‘rikenglik bilan qabul qildi. Shu tariqa ikki xalq tarixi o‘zaro bog‘lanib ketdi.

Shuning uchun ham bu munosabatlarda ziddiyatlar emas, aksincha, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida hamkorlik muhiti shakllandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 1992-yildan beri nemis milliy madaniy markazi faoliyat yuritib kelmoqda. Nemis millati vakillari O‘zbekistonni o‘z vatani deb biladi.

Hozirgi kunda Germaniyada taxminan 15-20 mingga yaqin o‘zbeklar yashaydi. U yerda 20 ga yaqin o‘zbek jamiyatlari: “Humo”, “O‘zbegim”, “Nihol”, “Davra” kabi tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular o‘zbek urf-odatlari va qadriyatlarini asrab-avaylab, nemis jamiyati bilan uyg‘un hayot kechirmoqda.

Germaniyada yashayotgan vatandoshlarimiz sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan sohalarida samarali mehnat qilmoqda. Ko‘plab olimlar Germaniyaning nufuzli oliygohlarida professor va tadqiqotchi sifatida ish olib bormoqda. Ular orqali ikki mamlakat o‘rtasida ijobiy munosabatlar yanada mustahkamlanmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda ham taxminan 5 mingga yaqin nemis millati vakillari istiqomat qiladi. Samarqand, Buxoro, Farg‘ona kabi hududlarda nemis diasporalari faoliyat yuritadi. Ular o‘z milliy qadriyatlarini saqlagan holda mahalliy jamiyat bilan uyg‘unlashib ketgan.

Bu haqda so‘z borganda, Buxoroda yashovchi keksa nemis ayolining so‘zlari ramziy ma’no kasb etadi:

“Meni mahallada "nemis bibi" deb chaqirishadi. Bu menga juda yoqadi,” — deydi u.

Bu ibora nafaqat bir insonga berilgan nom, balki xalqlar o‘rtasidagi samimiy munosabat, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatning timsolidir. Nemis bibi mahallada o‘zbek buvilari kabi bolalarga mehr ulashadi, qo‘shnichilik munosabatlarini asrab-avaylaydi.

Mana shu kabi insonlararo aloqalar orqali xalq diplomatiyasi shakllanadi. Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar faqat rasmiy kelishuvlar bilan emas, balki oddiy insonlar, diasporalar, madaniy tadbirlar orqali ham mustahkamlanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “nemis bibi” obrazi — xalq diplomatiyasining eng jonli va ta’sirchan ko‘rinishidir. Bu millatlar o‘rtasida ishonch, hurmat va do‘stlik qanday shakllanishini ko‘rsatib beruvchi hayotiy misoldir.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Z9gHdTPkVSw" title="Ikki xalqni bog`lagan taqdir" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Nigora Rahmonova,
Doniyor Yoqubov (video),
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj),
O‘zA