Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ikki shifokorning janjaliga oid video bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lumot berdi.
«Videoda tasvirlangan shaxslar Nukusdagi Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining reanimatsiya bo‘limi mudiri (fuqarolik kiyimda) G.K. va markazning bemorlarni qabul qilish bo‘limi mudiri A.P. (oq xalatda) bo‘lib, markazning reanimatsiya bo‘limida ularning o‘zaro janjallashayotgani aks etgan.
Mazkur videoda tasvirlangan holat 2019 yilning dekabr oyi uchinchi o‘n kunligida markazning reanimatsiya bo‘limida sodir bo‘lgan. Shu kuni markazning bemorlarni qabul qilish bo‘limiga og‘ir kasal bola olib kelinadi. Bo‘lim mudiri A.P. hamshira bilan birgalikda og‘ir kasalni reanimatsiya bo‘limiga olib keladi. Ish vaqti tugagan bo‘lsa ham hamon uyiga qaytmagan reanimatsiya bo‘limi mudiri G.K. «Sen nima uchun reanimatsiya bo‘limiga og‘ir kasal olib kelasan?» deb A.P.ni har xir so‘zlar bilan haqoratlab, uni urib, videoda ko‘rsatilgan holatda janjal qilgan. Janjalning shu tariqa tus olishini bilgan hamda reanimatsiya bo‘limiga olib kelingan og‘ir kasallarni qabul qilmaslik holatlarini tasdiqlash maqsadida navbatchi shifokor-reanimatolog o‘zining qo‘l telefoni orqali videotasvirga olgan va qabul bo‘limi mudiri A.P.ning iltimosiga ko‘ra, videoni hech bir joyga chiqarmagan.
Lekin, keyinchalik ham bu kabi holatlar reanimatsiya bo‘limi mudiri G.K. tomonidan bir necha bor sodir qilinganligi bois, u bilan bog‘liq videolar markaz ma’muriyatiga taqdim qilingan.
2021 yil 1 mart kuni Respublika bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda markaz kasaba uyushmasining qo‘shma majlisi o‘tkazilib, majlis kun tartibiga markazning reanimatsiya bo‘limi reanimatolog-shifokori B.X.ning markaz bosh shifokori nomiga yozgan dalolatnomasi va reanimatsiya bo‘limi shifokori A.B.ning arizasi asosida reanimatsiya bo‘limi mudiri G.K.ning salbiy xatti-harakatlari ko‘rib chiqilgan.
O‘tkazilgan majlis xulosasiga ko‘ra, markazning reanimatsiya bo‘limi mudiri G.K. yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan salbiy xatti-harakatlari uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilinib, kunduzgi anesteziolog-reanimatolog shifokor lavozimida qoldirilgan. Bundan tashqari, G.K. pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan ikki oydan keyin mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantirish xati berilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv va sud jarayoni davom etmoqda», deyiladi xabarda.
Ye. Qanoatov,O‘zA