Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki qavatdan yuqori uylar uchun majburiy zilzilabardoshlik reytingi joriy etiladi
11:51 / 2025-12-02

Butun dunyoda zilzila xavfi tobora dolzarb bo‘lib borayotgan bir vaqtda, O‘zbekistonda bino va inshootlarning seysmik barqarorligiga oid nazorat kuchaytirilmoqda.

Joriy yil 1 dekabr kuni “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini ta’minlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Prezidentning yangi farmoni nafaqat qurilish sohasidagi xato va kamchiliklarni kamaytirishga, balki mavjud uy-joylar xavfsizligini tubdan yaxshilashga qaratilgan.

So‘nggi yillarda mamlakatda qurilish hajmi keskin oshdi. Ammo barcha yangi binolar ham talab darajasida mustahkam emasligi, ayrim ob’ektlarda hujjatsiz yoki me’yorsiz qurilishlar uchrayotgani muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda. Zilzila xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda bunday kamchiliklar minglab aholi hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Shu bois, davlat nazoratini kuchaytirish hamda qurilish-pudrat tashkilotlarining mas’uliyatini oshirish dolzarb zaruratga aylandi.

2026 yildan amaldagi yangi tartibga ko‘ra, ixtisoslashgan tashkilotlar ro‘yxati va reyting tizimi joriy etiladi. Ikki qavat va undan yuqori bo‘lgan barcha ko‘p kvartirali uy-joylar maxsus litsenziyaga ega tashkilotlar tomonidan instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu tashkilotlarning faoliyati “Shaffof qurilish” axborot tizimida reyting asosida baholanadi.

Natijada bepisand, sifatsiz tekshiruvlar kamayadi, adolatli raqobat kuchayadi. Binolarning texnik holati doimiy monitoring qilinadi. Seysmik barqarorlikni baholash bo‘yicha barcha xulosalar yagona tizimda jamlanadi. E’tiborli jihati shundaki, davlat har bir binoning real holatini onlayn kuzatib boradi, xavfli ob’ektlar erta aniqlanadi.

Oldin ayrim tekshiruv xulosalari “tavsiya etiladi” shaklida berilar edi. Endi esa faqat ijobiy xulosa olgan binolarga foydalanish uchun ruxsat beriladi.

Natijada, xavfli, talablarga javob bermaydigan binolarning ekspluatatsiyaga topshirilishi butunlay to‘xtatiladi. Uy-joy qurayotgan tadbirkorlarga talablar keskin oshadi, mas’uliyat kuchayadi. Buning natijasida, aholi yangi uy sotib olayotganda sifat kafolati oshadi, “qog‘ozda mustahkam — amalda zaif” uylar kamayadi. Noqonuniy qurilishlarning oldini olish mexanizmi kuchayadi.

Mazkur tartib 2026 yildan joriy etiladi. Joriy etilgan yangi tartiblar O‘zbekistonning uy-joy sektorini yanada xavfsiz, nazoratli va shaffof tizimga aylantirishga xizmat qiladi.

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA