Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki qardosh xalq orzusi ushaldi: Andijonda ikkita chegara posti ochildi
14:11 / 2023-09-01

Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh oblasti Aravon rayoni hamda Andijon viloyati Marhamat tumanini bog‘lab turuvchi “Mingtepa” chegara posti ochildi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami kuni ochilgan “Mingtepa” chegara posti nafaqat chegara hududida yashovchi aholi, umuman, andijonliklar uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.  

Keng jamoatchilik vakillari, qirg‘izistonlik mehmonlar  ishtirokida chegara posti ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda O‘sh oblasti gubernatori o‘rinbosari Uristem Manapov barchani O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalarining mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi.   Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov tashabbusi bilan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik, savdo-sotiq ko‘lami tobora kengayib borayotganligi ta’kidlandi.  

[gallery-13396]

Shundan so‘ng mehmonlar, mehnat faxriylari ishtirokida avval O‘zbekiston, keyin esa Qirg‘iziston chegara postlarining lentalari kesildi. Chegaraning har ikki tomonida yangragan karnay-surnay sadolari, ijro etilgan kuy, qo‘shiq va raqslar, odamlarning xursandchiligi tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.  

Mazkur chegara postining ochilishi eng avvalo, chegara hududi aholisiga katta qulaylik yaratadi, qolaversa, ikki qo‘shni xalq o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi.

Yigirma yil avval yopilgan mazkur chegara posti bugun yana faoliyatini boshladi. Kapital ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi, zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Bu yerda aholi va transport vositalarining belgilangan tartibda chegaradan erkin, ortiqcha qiyinchiliklarsiz o‘tishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi. Endi yurtdoshlarimiz, ayniqsa, Andijon viloyatining Marhamat, Asaka, Shahrixon, Farg‘ona viloyatining Quva tumanlari aholisi Qirg‘izistonga borish uchun uzoq yo‘l bosib yurmaydi.  

Bugun shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod oblasti bilan O‘zbekistonni bog‘lab turuvchi Xonobod shahridagi “Xonobod” hamda Qirg‘izistonning “Bekobod” chegara postlari ham o‘z faoliyatini boshladi.  

Mazkur chegara posti ochilishida ham ikki qo‘shni viloyat rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA