O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi A.A.Bakixanov nomidagi Tarix va etnologiya instituti birgalikda “19-20 yuz yilliklarda Ozarbayjon va O‘zbekistondagi ijtimoiy-madaniy jarayonlar: umumiylik va o‘ziga xoslik” mavzusida ellararo onlayn ilmiy yig‘in o‘tkazdi.
Unda ikki qardosh xalqning olimlari mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, taniqli olima, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova o‘z ma’ruzasida Turkiston va Ozarbayjon taraqqiyparvar ziyolilarining fan, madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorligini yoritdi.
Ozarbayjon Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi Iroda Bagirova esa an’anaviy jamiyatdan yangi intellektual elita shakllanishigacha bo‘lgan jarayonni tahlil qildi.

Yig‘inda ikki yurtning taniqli tarixchilari, madaniyatshunoslari va manbashunos olimlari qatnashib, Turkiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, ma’naviy hamjihatlik, taraqqiyparvarlik harakati va mustamlaka jarayonlari haqida ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

Yig‘in ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga, ilmiy muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi.
Yig‘ilish so‘ngida ma’ruzalarni to‘plam shaklida chop etish, O‘zbekiston – Ozarbayjon tarixiy aloqalari kitobini birgalikda nashrga tayyorlash bo‘yicha takliflar berildi.

N.Usmonova, O‘zA