Sharqiy Xitoy dengizida yana mojaro kelib chiqdi, deb yozmoqda “BBC” nashri. Ta’kidlanishicha, XXR tomoni yapon baliqchi kemasi Diaoyu orollari hududiga noqonuniy kirganini, Yaponiya esa aksincha, ikkita Xitoy qo‘riqlash kemasi mamlakat suvlarida “beruxsat sayr qilgan”ini davo qilgan.
Mazkur kelishmovchilik so‘nggi haftalarda ikki o‘lka o‘rtasida diplomatik keskinlik kuchaygan bir paytda yuz bermoqda. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaitining “Tayvanga qarshi ehtimoliy hujum bo‘lsa, Tokio harbiy javob qaytarishi mumkin”, deya yangragan bayonoti Pekinda norozilik uyg‘otdi.

Ta’kidlash joiz, Diaoyu orollarida aholi istiqomat qilmaydi, ammo u joy strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi.
Ekspertlar fikricha, so‘nggi paytlarda XXR bu yerga tobora ko‘proq harbiy kemalarini yuborib, Tokio himoyasini sinovdan o‘tkazayotgandek ko‘rinmoqda. Oldin ham bunga o‘xshash vaziyatlar ko‘p uchragan, masalan 2023 yilda Xitoy kemalari mazkur hududda rekord darajada ko‘p marta ko‘zga tashlangan.
Hodisaning tafsilotlari ikki davlat tomonidan turlicha talqin qilinmoqda, ammo bir narsa kundek ravshan: Sharqiy Xitoy dengizida harbiy-siyosiy keskinlik eng yuqori darajada. Bu esa nafaqat Tokio va Pekin, balki butun mintaqa xavfsizligi uchun yangi muammolar tug‘dirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA