English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki dilning bir tili
07:02 / 2020-10-21

Dunyo boʻyicha oʻzbeklar soni 50 millionni tashkil etsa shulardan uch millioni (bu aslida, taxmin boʻlib, baʼzi manbalarda 7-8 million deb yuritiladi) Afgʻoniston hududida yashashadi.


Jayhunning ikki sohilida yashaydigan asli, nasli bir boʻlgan avlodlarning bir-biriga talpinishi tabiiy. Tarix, taqdir taqozosi bois ular maʼlum muddat bir-biridan ayro yashashgan boʻlsalar-da, ularning til xususiyatlarida, urf-odatlarida yaqinlik saqlanib qolgan. Gap qoʻshni Afgʻonistonda istiqomat qilayotgan oʻzbeklar haqida.

Dunyo boʻyicha oʻzbeklar soni 50 millionni tashkil etsa shulardan uch millioni (bu aslida, taxmin boʻlib, baʼzi manbalarda 7-8 million deb yuritiladi) Afgʻoniston hududida yashashadi.

Oʻzbekiston va Afgʻoniston davlatlari rahbarlarining oʻzaro manfaatli hamkorlik rejalari bu doʻstlikning yana-da mustahkam boʻlishiga zamin hozirlashi tabiiy. Doʻstlik va hamkorlik rishtalari allaqachon mustahkamlana boshlandi deyish mumkin.

2017-yilning noyabrida Termizda Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi ochilgani, Kobul-Toshkent-Kobul yoʻnalishi boʻylab toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilgani, 2018-yil oktyabrda Termizda Afgʻonistonning Bosh konsulxonasi ochilganini, 2020-yil avgustda Toshkentda Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr energiyasi yetkazib berish boʻyicha 10 yillik shartnoma imzolangani hamda Oʻzbekiston-Mozori sharif-Qobul temir yoʻl liniyalarini qurish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga kirishilgani kabilar buning yorqin misolidir.

Afgʻoniston oʻzbeklari rahbari marshal Abdurashid Doʻstumning quyidagi mulohazalari bizni ham, Afgʻonistonda yashaydigan birodarlarimiz qalbini ham faxru iftixor chulgʻadi. “Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqini alohida tarixiy voqea deb hisoblayman. Bu nutqda dunyodagi va mintaqadagi muammolar xususida Oʻzbekiston siyosiy yondashuvi aniq va teran yoritib berilgan. Oʻzbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil Oʻzbekiston rahbari oʻzbek tilida nutq soʻzladi. Men bundan shaxsan oʻzim oʻzbek oʻgʻloni va afgʻonistonlik oʻzbeklarning rahbari sifatida faxrlanaman. Bu biz uchun yuksak iftixordir. Oʻzbek tilida soʻzlangan bu nutq nafaqat 34 millionlik Oʻzbekiston ahlini, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlarda yashovchi millatdoshlarimizni, xususan, Afgʻonistondagi oʻzbeklarni ham chin maʼnoda gʻururlantirdi”.

Afgʻon xalqining oʻzbekistonliklar bilan mehr rishtalarining mustahkamligi 2017-yil 2-dekabr sanasidayoq maʼlum boʻlgan edi. Prezidentimiz taklifiga binoan mamlakatimizga tashrif buyurgan Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani OAV vakillari bilan uchrashuvi chogʻida Shavkat Mirziyoyevga “birodarim” deya murojaat qilgani, Koʻksaroyda oʻtgan muzokaralar yakunidagi uchrashuv chogʻida Afgʻoniston prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani oʻz nutqini oʻzbek tilida boshlagani, Afgʻonistondagi uchinchi rasmiy til — oʻzbek tili ekanligini va bundan afgʻon xalqi nihoyatda iftixor qilishini eʼtirof etishi buning yorqin isbotidir.

Davlatimiz rahbarining ayni paytda “Kecha yarim soat gaplashganimizdan soʻng bizga tarjimon kerak boʻlmay qoldi”, — deya lutf etishlari bejiz emas.

Bundan 10 yil muqaddam bir afgʻonistonlik bir yigit qoʻngʻiroq qilib koʻrishsak, maslahatli ish bor deb qoldi. Uchrashgach, u menga afgʻonistonlik oʻzbeklardan ekani, Oʻzbekiston televideniyesiga borib meni soʻrab surishtirib telefon raqamimni olgani xususida gapirdi. Maqsadi Afgʻoniston televideniyesida faoliyat yuritadigan oʻzbek suxandonlariga aynan Oʻzbekiston oʻzbeklarining adabiy tilini, talaffuz meʼyorlarini oʻrgatishimni soʻradi. Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida tajribali diktorlar bor-ku, nega ular bilan maslahatlashmadingiz desam, ular arab alifbosidagi yozuvni bilmasligini aytdi. Men uni oldiniga jurnalist yoki filolog boʻlsa kerak deb oʻylagandim. Keyin bilsam, u bu sohadan uzoq kasb egasi ekan. Meni ruhlantirgani Afgʻoniston oʻzbeklarining oʻz ota-bobolari soʻzlashgan tilni bilish va joriy etishga intilganidir. Shu yerga kelib oʻqiydigan boʻlsa, nazariy va amaliy jihatdan bemalol, beminnat yordam qilishim mumkinligimni aytdim. U esa oʻrganuvchilar soni koʻpligini inobatga olib Kobulga borishim kerakligini aytib oʻtindi. Afsuski, men oilaviy sharoitim toʻgʻri kelmasligini aytdim. Ularning ota yurtiga intilishdek orzulari endilikda roʻyobga chiqa boshlaganidan mamnunmiz.

Afgʻonistonda yashaydigan oʻzbeklar asosan arab alifbosidagi yozuvni istifoda etishadi. Ularning bir necha matbaa nashrlari, radioeshittirish va telekoʻrsatuvlari oʻzbek tilida olib boriladi. Ular arab yozuvidan harakat, yaʼni diakretik belgilarsiz, qisqa unlilarni ifoda etmaslik yoʻsinidan foydalanishadi. Biz bir paytlari aniqrogʻi, 1929-yilda qoʻllagan isloh qilingan eski oʻzbek yozuvini ishlatishmaydi. Hozirda Xitoy hududida istiqomat qiluvchi uygʻurlar xati bir muncha biz qoʻllagan, isloh qilingan yozuvga yaqinroqdir. Maʼlumki, isloh qilingan yozuv soʻzdagi har bir tovushni ifoda etuvchi harfiy belgilarni qoʻllashni taqozo etadi. Afgʻonistonda foydalaniladigan yozuvda hamma harflar ifoda etilmaydi. Yaʼni, qisqa unlilar tushirib qoldiriladi. Misol sifatida “Muhammad” soʻzi 8 ta harfdan iborat boʻlsa, arab yozuvida 4 ta, isloh qilingan arab alifbosida esa sakkizta harf toʻliq ifoda etiladi. Afgʻoniston oʻzbeklari ham ana shu yozuvda savod chiqarganlari uchun bizning hozirgi zamon oʻzbek tilida talaffuz etiladigan ayrim tovush va soʻzlarda tafovutlar yaqqol seziladi. Qaysi xalq qaysi davlat tasarrufida, (aytish mumkinki, “mustamlaka”si) boʻlsa, albatta uning soʻz va atamalari singishib ketadi. Bizning hozirgi oʻzbek tilimizda ruscha, baynalmilal soʻzlar yetarlicha boʻlgani singari afgʻon xalqi, xususan Afgʻoniston oʻzbeklari nutqida ham inglizcha soʻzlar koʻpligi aniq. Bu esa tilning orfoepik va orfografik xususiyatlariga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi.

Oʻzbekiston tashqarisidagi oʻzbek tilida ish olib boruvchi TV, radio, gazeta, kitoblar va boshqa ommaviy axborot vositalari soni boʻyicha ham Afgʻoniston oʻzbeklarining faoliyati Oʻzbekiston tashqarisidagi oʻzbeklar ichida dunyoda birinchi oʻrinda turishini inobatga olgan holda, ularning til xususiyatlarini, leksik tarkibini, orfoepik va grammatik asoslarini toʻla oʻrganish va shu xususda oʻquv qoʻllanmalari hamda darsliklar tayyorlash kundalik masalaga aylanayotgani sir emas. Bu harakat ikki asosga xizmat qiladi. Biri Afgʻonistondagi oʻzbeklarning milliy madaniyati va oʻzbek tilini saqlab qolish boʻlsa, ikkinchisi, ajdodlari istiqomat qilgan zamin va millatdoshlari bilan yana-da yaqin hamkor, hammaslak boʻlish masalasidir.

Shuni ham eʼtirof etish zarurki, Oʻzbek tili, rasmiy til sifatida Afgʻoniston Islom Respublikasida 2004-yil 4-yanvar kuni Umum Afgʻoniston Oliy Kengashi Loya Jirgʻa tomonidan qabul qilingan va 2004-yil 26-yanvar kuni Afgʻoniston davlat boshligʻi tomonidan tasdiqlangan “Asosiy Qonun” deya nomlanadigan Afgʻoniston Konstitutsiyasining 1-bobidagi 4 - va 16-moddalarida koʻrsatilgan talablarga binoan Afgʻonistonning Shimoliy viloyatlaridagi universitetlarda oʻzbek tili va adabiyoti boʻlimlari tashkil qilingan boʻlib, muallimlar tayyorlash muassasalari ishga tushgan. Shuningdek, oʻzbek tilida taʼlim beruvchi maktablar ochila boshlangani, oʻzbek tilida telekanallar tashkil qilinib, bir nechta radio va gazetalar ham ish boshlagani xususida isteʼdodli tadqiqotchi Shuhrat Salamov maʼlumot keltiradi.

Maʼlumki, oʻzbek tili bir necha shevalardan tarkib topgan boʻlib, uchta lahja tarkibiga kiradi. Bular qarluq, oʻgʻuz va qipchoq lahjalaridir. Bu xususiyat Afgʻonistondagi oʻzbeklar tiliga ham daxldor. Bularga xos boʻlgan umumiy va farqli jihatlarni jiddiy tadqiq etish, dialektologik nuqtayi nazardan koʻrib chiqish zarur.

Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, mumtoz merosimizni, arab alifbosi asosidagi eski yozuvimizni biladigan yetuk mutaxassis va xattotlarni Afgʻonistonga safarbar etilishi va shu yoʻsinda oʻquv ishlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi, darslik, lugʻat va oʻquv qoʻllanmalarini chop etish masalasi har ikkala davlat uchun oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlashiga shubha yoʻq.

Rahimboy JUMANIYOZOV,
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent,
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.