Aks-sado
Mamlakatimiz xalqaro maydonda har tomonlama puxta o‘ylangan, izchil, ochiq va pragmatik tashqi siyosiy faoliyatini davom ettirib, jahon hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini jadal olib bormoqda. Ushbu islohotlar zamirida, albatta, xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlari, ezgu orzu-intilish va manfaatlari mujassam.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda kuzatilayotgan o‘zgarish va jarayonlar, yangicha yondashuv va dadil qadamlar tashqi siyosatimizda ham yangi sahifa ochilishiga zamin yaratmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifini O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida o‘ta muhim tarixiy voqea sifatida baholash mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Turkiya Respublikasi O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim, alohida o‘ringa ega bo‘lgan o‘ziga xos mamlakat hisoblanadi. Buni quyidagi bir qator omillar bilan izohlash mumkin. Birinchidan, ushbu mamlakat dunyodagi 200 dan ortiq davlat ichida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va shu tariqa uning dunyo xaritasida yangi davlat sifatida e’tirof etilishi jarayonini boshlab bergan bo‘lsa, ikkinchidan, o‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turadi. Har ikki xalq ham turkiy tilda so‘zlashuvchi birodar xalqlar bo‘lib, ularning madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqin.
Qolaversa, Turkiyaning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyasi, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi, albatta. Ikki kuchli liderning o‘z davlati tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi mardligi, qat’iyligi, strategik masalalardagi hamkorligi bugungi kundagi jahon siyosiy maydonidagi qaltis vaziyatlar, davlatlararo ishonchsizlik munosabatlari keskinlashuvi jarayonida yanada sezilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning Turkiyaga rasmiy tashrifi dasturida ikki mamlakatning yetakchi korxonalari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilish o‘rin oldi.
Ayni paytda O‘zbekistonda bir qator yetakchi turk kompaniyalari tomonidan 100 dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani diqqatga sazovordir. Shuni alohida qayd etishimiz joizki, Jizzax viloyatida ham bir qator turk kompaniyalari tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan samarali hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Viloyatning umumiy tashqi savdosidagi 5 foizga yaqin ulushi aynan Turkiya davlatiga to‘g‘ri kelishi ham amalga oshirilayotgan savdo-iqtisodiy munosabatlarning yaqqol isbotidir.
Jumladan, Jizzax shahridagi yirik loyihalardan biri “UzTurkCharm ” tayyor charm ishlab chiqarish mas’uliyati cheklangan jamiyatining 4 gektar maydonda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda korxonada 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Shuningdek, mazkur ob’ektning loyiha qiymati 12 million 800 ming AQSH dollarini tashkil etib, yillik eksport hajmini 4 million 100 ming dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu boradagi savdo-iqtisodiy munosabatlarga misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Tashrifning oliy darajadagi muzokaralari yakunida O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi mamlakatimizda ushbu sohalarning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, hududlarning investitsiyaviy salohiyati ortishida, shu bilan birgalikda yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hisobiga aholi farovonligi oshishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Muzaffar Mamatqulov,
“Yuksalish” harakati Jizzax viloyati hududiy
bo‘linmasi rahbari, Jizzax shahar Kengashi
deputati.
O‘zA