Adabiyotimiz imoratini ikki ustunli deb tasavvur qilsak, ular shubhasiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburdir. Ikkisi ham o‘zining betakror asarlari bilan adabiyotimiz xazinasini tengsiz javohirlar bilan boyitgan. Shuning uchun ham mamlakatimizda ularning tavalludi birgalikda shodiyona sifatida nishonlanadi.
Ana shunday shodiyonalardan biri Respublika markaziy ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi va O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyatining “San’at gulshani” madaniyat saroyi hamkorligida tashkil etildi. “Saodat sohillari” deb nomlangan badiiy-musiqiy kechada Alisher Navoiy tavalludining 585 hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi tantana qilindi.

Mazkur tadbirda kutubxona a’zolari, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining hududiy rahbarlari va jamiyat a’zolari ishtirok etdi.
Kutubxona xodimlari tomonidan tayyorlangan Navoiy va Bobur g‘azallari yig‘ilganlarda ijobiy taassurot qoldirgan bo‘lsa, xonandalar va sozandalar jo‘rligida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar tadbirga haqiqiy bayramona ruh bag‘ishladi.

–Navoiy va Bobur nafaqat buyuk ijodkor, balki juda katta shaxs bo‘lishgan, – deydi kutubxonaning faxriy a’zosi Ahror Haydarov. –
Olti asrdan buyon bizga ma’rifat ziyosini ulashib kelayotgan hazrat Alisher Navoiy merosini avvalo o‘zimiz, shundan so‘ng farzandlarimizga ham yetarlicha anglatmog‘imiz lozim. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Zahiriddin Muhammad Bobur ham hazrat Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilgan. Hatto bir marotaba u zotdan maktub olish baxtiga ham muvaffaq bo‘lgan. Shuning uchun ham Bobur ijodda ham salmoqli samaradorlikka erishgan, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga ikki daho hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar ikki buyuk alloma ijodiga ulkan qiziqish va ularni yanada chuqur o‘rganish ishtiyoqi bilan qaytishdi.

Sherbek Islomov, O‘zA