English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki buyuk siymoga ehtirom
05:03 / 2023-02-09

Z.M. Bobur nomli Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida “Ikki buyuk siymoga ehtirom” deb nomlangan adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yiligi hamda shox va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlanib o‘tkazilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, Andijon davlat universiteti o‘qituvchilari, talabalari, kitobxonlar, harbiylar hamda umumta’lim maktablari o‘quvchilari  ishtirok etdi.  

Tadbirda xalqimizning ikki buyuk dahosi Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, boy va serqirra ijodiy merosini o‘rganish, ularning o‘lmas asarlarini keng targ‘ib etish hamda xotirasini abadiylashtirish, ayniqsa, yoshlarni ma’naviy dunyosini Navoiy va Bobur ijodida keng yoritilgan milliy va umuminsoniy g‘oyalar bilan boyitish zarurligi xususida so‘z yuritildi.  

[gallery-10498]

–  Navoiy va Bobur hayoti va ijodini o‘rganish, ularning insonparvarlik, yurtparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan asarlari mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga chuqur singdirish orqali yurtdoshlarimiz, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash muhim masala hisoblanadi, – deydi Andijon davlat universiteti dotsenti, adabiyotshunos olim Xalimjon Karimov. – Qolaversa, ularning betakror ijodi yoshlarimizning adabiyotga, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.  

Shoirlar, talaba va o‘quvchilar tomonidan o‘qilgan Navoiy va Boburning g‘azalu ruboyilari, ijodkor yoshlar mushoirasi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.  

Tadbir doirasida Navoiy va Bobur asarlari hamda ular haqida yozilgan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.  

Shu kunlarda xalqimizning ikki ulug‘ siymosi tavalludiga bag‘ishlangan bu kabi adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Andijon viloyatidagi mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tmoqda.  

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA