English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ikki buyuk siymoga bag‘ishlandi
15:16 / 2026-02-14

Buyuk so‘z san’atkorlari — Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazida “Ikki buyuk siymo, ikki hushzabon” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi vakillari, Sirdaryo viloyati Madaniyat boshqarmasi mutaxassislari, Sirdaryo viloyati Musiqali drama teatri ijodkorlari, shuningdek, axborot-kutubxona markazi xodimlari hamda Milliy gvardiya O‘quv markazi harbiy xizmatchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olganlar Navoiy va Boburning xalq ma’naviyati va milliy o‘zlikni shakllantirishdagi beqiyos o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Ta’kidlanganidek, hazrat Navoiy o‘zining “Xamsa” asari, g‘azal va ruboiylari orqali turkiy tilning badiiy imkoniyatlarini yuksak pog‘onaga ko‘tardi, insonparvarlik, adolat, vafo va komillik g‘oyalarini tarannum etdi. Uning asarlari asrlar davomida ma’naviy kamolot maktabi vazifasini o‘tab kelmoqda.

Zahiriddin Muhammad Bobur esa nafaqat davlat arbobi va sarkarda, balki noziktabiat shoir va mutafakkir sifatida ham tarixda chuqur iz qoldirgan. Uning “Boburnoma” asari nafaqat badiiy qimmati, balki tarixiy-geografik ma’lumotlarga boyligi bilan ham ahamiyatlidir. Bobur she’riyatida Vatan sog‘inchi, sadoqat, jasorat va ezgulik g‘oyalari mujassam bo‘lib, u yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim manba hisoblanadi.

Ma’naviy-ma’rifiy kecha davomida shoirlar ijodidan namunalar o‘qildi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ijodkorlar tomonidan Navoiy va Bobur g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi. Har bir chiqish buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boy ma’naviy meros bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini, aksincha, milliy g‘urur va ma’naviy barkamollikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbir ishtirokchilari ikki dahoning o‘lmas merosi xalqimizning ma’naviy xazinasi ekani, uni o‘rganish va targ‘ib etish har birimiz uchun yuksak mas’uliyat ekanini qayd etishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA