Angliyaning Liverpul shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida “World Boxing” tashkiloti tomonidan ilk marotaba tashkil etilgan jahon chempionatining erkaklar o‘rtasida 60 kilogrammgacha vazn toifasida hamyurtimiz Abdumalik Xaloqov oltin medalni qo‘lga kiritdi va faoliyatida ikkinchi bor jahon chempioniga aylandi.
Bugun sportda yuqori natijaga erishish uchun jismoniy kuch va texnik tayyorgarlik bilan birga, yuksak ma’naviy fazilatlar, aql va ruhiy tayyorgarlik ham juda muhim. Aytaylik, katta maydonga endi qadam qo‘ygan yosh sportchi tajribali raqibga ro‘baro‘ kelsa, “kuchim yetarmikan” deya hadiksirashi tabiiy. Oqibatda bahsdan oldin ruhan mag‘lubiyatini tan olib qo‘yishi ham mumkin. Bunday holatlarning oldini olishda malakali murabbiylar, tibbiyot mutaxassislari va psixologlar hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Ular sportchilarning irodasini mustahkamlashi, g‘alabaga intilishini kuchaytirishi, turli doping vositalari haqidagi bilimini yuksaltirishi lozim.

Hozir mamlakatimizda barcha sport turlari qatori boks bilan shug‘ullanayotganlar soni kun sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida boks to‘garaklaridan yetishib chiqayotgan yosh iste’dodlarning natijalari tahsinga loyiq.

Hozirda professional bokschilarimiz orasida Bahodir Jalolov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Murodjon Ahmadaliyev, Shahram G‘iyosov, Isroil Madrimov qayd etayotgan natijalariga dunyo havas qilmoqda. Ular havaskor boks bo‘yicha qayd etgan natijalarni takrorlayotgan Abdumalik Xaloqov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Fazliddin Erkinboyev, Javohir Ummataliyev, Akmaljon Isroilov, To‘rabek Habibullayev, Lazizbek Mullajonov, Hasanboy Do‘smatov qit’a va jahon chempionatlari, Osiyo hamda Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lmoqda.
Ushbu iqtidorli charm qo‘lqop ustalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish sportdagi yutuqlarning muhim omili. Shu sababli ham bugun dunyo boksida o‘zbek o‘g‘lonlari yorqin g‘alabalari bilan o‘chmas iz qoldirmoqda.

Hozirda ana shunday muvaffaqiyatlarni davom ettirayotgan bokschilarimizdan biri Abdumalik Xaloqovdir. Abdumalik 2000 yilning 9 aprel kuni Buxoroda tavallud topgan. U dastlab 7 yoshida sport gimnastikasining akrobatika yo‘nalishida ikki yil davomida shug‘ullanadi. To‘qqiz yoshida esa dastlab sport kurashlari va boks to‘garaklariga boradi. Otasi Anvar aka o‘zi bokschi bo‘lgani bois o‘g‘liga mazkur sport turi bilan jiddiy shug‘ullanishini maslahat beradi. Yosh sportchimiz otasining bu taklifiga qarshilik ko‘rsatmaydi hamda ilk murabbiyi Hamid Rahmatov qo‘l ostida boksning sir-asrorlarini o‘rganadi.
Mahalliy musobaqalarda ishtirok etib, xato va kamchiliklar ustida ishlab, mashg‘ulotlarga zo‘r bergan Abdumalik 2012 yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi mamlakat chempionatining 48 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tariladi va kumush medalni qo‘lga kiritgan holda yoshlar terma jamoasi safiga kiradi. Oradan bir yil o‘tib esa O‘zbekiston chempioniga aylanadi. Asta-sekin o‘z mahoratini oshirib borgan bokschimiz Qozog‘istonda o‘tgan xalqaro turnirda kumush medal sohibiga aylanadi va shundan so‘ng xalqaro miqyosda o‘zini ko‘rsata boshlaydi.
Tailandda 2017 yili yoshlar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida ikkinchi o‘rinni egallaydi. 2018 yil Tailandning Bangkok shahrida tashkil etilgan qit’a chempionatida oltin medal sohibiga aylanadi. Shuningdek, shu yili Vengriya mezbonligida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egallaydi. Argentinaning Buenos-Ayres shahrida o‘tgan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqasida vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida A.Xaloqov finalda ukrainalik Maksim Galinichevni 5:0 hisobida taslim etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Bokschimiz 2021 yil BAAda kattalar o‘rtasidagi qit’a birinchiligida bronza, Serbiyada o‘tgan jahon chempionatida kumush medal bilan yurtimizga qaytdi. Abdumalik uchun 2022 yil ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Ushbu yilda u Bolgariyaning Sofiya shahrida o‘tkazilgan “Stranja” xalqaro turnirida g‘olib bo‘ldi. Iordaniyada o‘tgan Osiyo chempionatida barcha raqiblarini yengib, o‘z medallariga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi.
2023 yil Abdumalik uchun katta yutuqlarga boy o‘tdi. Dastlab, poytaxtimizda o‘tkazilgan jahon chempionatida 57 kilogramm vazn toifasida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Xitoyning Xanchjou shahrida tashkil etilgan Osiyo o‘yinlarida oltin medalga ega chiqdi. Shuningdek, u mazkur g‘alabasi natijasida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi. Havaskor boksda ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgan Abdumalik Xaloqov 2023 yilning noyabr oyida professional boksda ilk jangini o‘tkazdi va unda g‘alaba qozondi. Yil yakunida O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisi deya e’tirof etildi. Davlatimiz rahbari tomonidan esa “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
2024 yil bokschimiz uchun omadli bo‘ldi. U dastab Bolgariyada tashkil etilgan “Stranja” turnirida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII Olimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz bayroqdori bo‘ldi va boks musobaqalarida barcha raqiblarini taslim etgan holda Olimpiada chempioniga aylandi.
Olimpiya o‘yinlarida har tomonlama munosib qatnashib, Vatanimiz tarixida mislsiz natijalarga erishgani, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, yosh avlodni ona yurtga muhabbat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ulari ruhida tarbiyalash borasidagi katta xizmatlari uchun sportchimiz «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
Ha, Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatidek yirik sport anjumanlarida g‘alaba qozonish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun har bir sportchimizga doimiy e’tibor, tinch va osoyishta turmush, zamonaviy shart-sharoitda puxta tayyorgarlik hamda malakali murabbiylar ko‘magi kerak. Ozod va obod O‘zbekistonimizda bu omillarning barchasi mavjudligi sportchilarimiz dunyoda tengsiz bo‘lishiga katta umid va ishonch bag‘ishlamoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA