Xalq dardi bilan yashash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar holidan xabar olish, ularning muammolarini hal etish mahalladagi ijtimoiy xodimlarning asosiy vazifalaridan.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Amir Temur mahallasida 1 ming 31 ta xonadon bo‘lib, 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ushbu aholining 142 nafari kambag‘allik reyestriga kiritilgan.
Sayyora Nodirova ayni shu mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim. U o‘zining mehnatsevarligi, sohadagi izlanuvchanligi evaziga 40 dan ortiq ijobiy keyslar ochishga erishdi.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori o‘zgalar yordamiga muhtoj, nogironligi bor shaxslarning hayotini yaxshilashda muhim hujjat sifatida xizmat qilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida yangi, zamonaviy yondashuv asosidagi ijtimoiy xizmatlar joriy etildi. Ya’ni dastur asosida 18 yoshdan katta bo‘lgan, mustaqil hayot kechirish imkoniyati cheklangan fuqarolarga turli ko‘rinishdagi ijtimoiy xizmatlar vaucher asosida bepul ko‘rsatilmoqda.
Dastur doirasida taqdim etilgan eng muhim xizmatlardan biri – bu uy sharoitida qarab turish xizmati hisoblanadi. “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida G‘uzor tumanida kunduzgi qatnov asosida uyda qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ayni kunda ushbu xizmatdan 7 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs foydalanib kelmoqda. Amir Temur mahallasida yashovchi fuqaro Xadicha Jo‘rayevaga ham ilgari qizi qarab kelar edi. “Qarab turish xizmati” bilan qamrab olingach, Xadicha Jo‘rayevaning qizi endilikda o‘zi yoqtirgan kasb bo‘yicha mehnat faoliyatini olib bormoqda.
[gallery-24673]
Amir Temur mahallasida yashovchi Mohira Rahimovaning 5 nafar farzandi bor. Kambag‘allik reyestriga kiritilgan. Bir nafar farzandi II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida turadi. Ijtimoiy xodim tomonidan oila o‘rganildi va bolasiga elektron nogironlik aravachasi olib berildi va onasi qiziga qarovchi (shaxsiy yordamchi) etib tayinlandi. Turmush o‘rtog‘i esa doimiy ishga joylashtirildi. 2 nafar farzandi bepul fan to‘garaklariga jalb etildi. Dori-darmon uchun bir martalik moddiy yordam ajratildi.
Albatta, Amir Temur mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlashda Sayyora Nodirova kabi ijtimoiy xodimlarning hissasi katta.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri