Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy yordam hayotimizga yengillik olib keldi
14:22 / 2025-06-12

Buxoro tumanidagi Bog‘ikalon mahallada yashovchi Mastura To‘rayeva besh farzandning onasi. Oilaning daromad manbalari cheklangan. Turmush o‘rtog‘ining mehnat haqqi va nogironligi bo‘lgan farzandi Shodibek Shodiyevga tayinlangan nafaqa bilan ro‘zg‘or tebratib keladi. Har bir so‘m hisobli bo‘lgan bunday oilalar uchun energiya to‘lovlari muammoga sabab bo‘ladi.

– O‘g‘limda tug‘ma nogironlik bor. U logoped mashg‘ulotlariga boradi, doimiy dori-darmon oladi. O‘tgan yili elektr energiyasi uchun berilgan kompensatsiya bizga juda qo‘l keldi. Shuning hisobiga o‘zim boshqa xarajatlarni yengilroq uddalashga harakat qildim, – deydi Mastura To‘rayeva.

Mahalladagi ijtimoiy xodim oilani nazoratga olib, ularning ehtiyojini doimiy o‘rganib bormoqda. Shu asosda ular 2024 yil kuz-qish mavsumida bir martali energiya xarajatlari uchun kompensatsiyaga tavsiya qilingan edi. 

Ayni paytda Buxoro tumanidagi barcha mahallalarda ijtimoiy himoya xodimlari energiya xarajatlari kompensatsiyasi uchun ehtiyojmand oilalardan arizalarni qabul qilmoqda. Ushbu yordam o‘z vaqtida ajratilsa, ko‘plab oilalar uchun bu nafaqat moddiy yengillik, balki ruhiy dalda ham bo‘lishi shubhasiz.

 Hozirda, viloyat bo‘yicha jami 23797 nafar ehtiyojmand aholi qatlamidan arizalar qabul qilindi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.