Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida 9418 nafar aholi istiqomat qilmoqda.
Mahallada 231 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar, 172 ta “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan hamda 228 ta “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da qayd etilgan oilalar mavjud. Mahallada faoliyat olib borayotgan ijtimoiy xodim Madina Qo‘ziyeva qisqa vaqt ichida katta natijalarga erishdi. Xususan, uning tashabbusi bilan 645 nafar fuqaroning arizalari qabul qilindi va ularga ijobiy yechim topildi. Shuningdek, ehtiyojmand fuqarolar uchun 144 ta keys ochilib, ularning 98 foizi ijobiy hal etildi.

Ijtimoiy xodim Madina Qo‘ziyeva mahalladagi 2-guruh nogironi Farhod Otamurodov oilasiga yordam ko‘rsatdi. Farhod otaning turmush o‘rtog‘ida va qizi Fazilatxonda ham nogironlik bor. Oila kattalarida nogironligi bo‘lganligi bois Feruza va Fazilat opa ham ularning qarovida band bo‘lishiga to‘g‘ri kelgan.
Tumanda kunduzgi qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yilgach, ijtimoiy xodim tashabbusi bilan Farhod ota va uning turmush o‘rtog‘i ushbu xizmatga jalb qilindi. Shu bilan birga, Feruza opaning oilasi “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilib, farzandlari bepul to‘garaklarga jalb etildi. Fazilat opaning farzandi esa maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli ravishda joylashtirildi.

Natijada, oilaning qo‘li bo‘shagan a’zolari ijtimoiy xodim ko‘magida tumandagi “Amirtex” MCHJga ishga joylashtirildi. Bu esa oila farovonligini yaxshilashda, ularning ijtimoiy himoya tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA