English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy xodimlar ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini ta’minlaydi
14:19 / 2024-07-08

Ijtimoiy himoya va yordamga muhtoj toifalarga kam ta’minlanganlar, ko‘p bolali onalar, nogironlar, yolg‘iz, qarovchisiz qariyalar va boshqalar kiradi. Har qanday tuzum va jamiyatda aholining bunday toifalari u yoki bu darajada uchraydi. Adolatli jamiyat ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilarni himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi.

Mamlakatda ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilmoqda. Markazning ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishning yangi tizimlari yo‘lga qo‘yilgan.  

Xo‘sh, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga qanday yordamlar taklif etadi?  

– Nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirishi uchun qulay muhit yaratish, xavf guruhlariga tushib qolgan oilalarni aniqlash va kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish orqali ularning og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish aholini manzilli himoya qilishning asosiy yo‘nalishlaridan etib belgilangan, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘zmetova. – Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va ularning vasiylari, voyaga yetmagan ota-onalar bepul psixologik maslahat, bepul yuridik xizmat turlaridan foydalanishi mumkin. Qayd etish lozimki, murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi. Bugungi kunda respublika bo‘ylab hududlarda 208 ta “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Samarqand viloyatida joylashgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi namunaviy loyiha asosida barpo etilgan.  

Nogironlik sport bilan shug‘ullanishga to‘siq emas. Mazkur markazlar orqali hududlarda joylashgan sport komplekslarida sport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llanmalar berish tartibi ham joriy etilgan. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida bepul reabilitatsiya kurslaridan o‘tish hamda jismoniy holati va sog‘lig‘ini qayta tiklash uchun yo‘lanmalar taqdim etiladi.  

– So‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Nazarov. – Afsuski, shu paytgacha nogironlarga yilda bir marta davolanishga order berib, oziq-ovqat mahsulotlari topshirib, shu bilan nogironlar ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanyapti, degan fikrda yurganmiz. Aslida ularni ish bilan ta’minlash, jamiyatga qo‘shish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq ekanini endi anglay boshladik. Chunki ularning ko‘pchiligi qobiliyatli, hunar o‘rganishga moyilligi bo‘lgan shaxslardir. Ijtimoiy xodimlar ana shu jihatlarga e’tibor qaratadi. Ularning taklif va istaklaridan kelib chiqib,  ishlashga imkoniyat va xohishi bo‘lgan talabgorlar uchun sharoitlar yaratiladi. Hozirda kasb-hunarga o‘rgatuvchi maktablar, monomarkazlar bilan hamkorlikda ushbu markazlarda nogironlarni o‘qitish imkoniyati va ularning o‘qishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. Ijtimoiy xodimlarning oldiga qo‘yilgan vazifalar aniq. Ular ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroning holatini tegishli tartibda o‘rganib chiqadi va shu yerning o‘zida uni ijtimoiy himoya guruhiga kiritadi. Tegishliligi bo‘yicha mas’ul tashkilotga yo‘naltiradi.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.  

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA