Buxoro viloyatining Peshku va Qorako‘l tumanlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ijtimoiy xodimlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Hozir ijtimoiy xodimlar biriktirilgan uchastkalarida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami bilan uchrashib, ularning murojaat va muammolariga ijobiy yechim topish maqsadida ish olib bormoqda.
Qorako‘l tumanida ishlab kelayotgan ijtimoiy xodimlardan biri Murodjon Fayzullayev yaqinda tumandagi Darg‘abog‘i mahallasida yashovchi Odiljon Safarov tomonidan kelib tushgan murojaatni o‘rganib, ijobiy hal etdi.
– Odil aka 1967 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 1985-1986 yillarda harbiy xizmatda vaqtida jarohatlangan, – deydi ijtimoiy xodim Murodjon Fayzullayev. – Shu vaqtdan boshlab plastik texnologiya asosida tayyorlangan son protezi vositasidan foydalanib kelgan. Odil aka 5 farzandning otasi, hozir paxta tozalash zavodida ishlab kelayotgan bo‘lib, poyabzali yaroqsiz holatga kelganligi sababli, ishga chiqolmasdan o‘z hisobidan mehnat ta’tiliga chiqqan edi.
[gallery-15955]
Odil aka ijtimoiy xodimga protez uchun maxsus juft poyabzal so‘rab murojaat qilgan. Qisqa muddat ichida uning murojaati Murodjon tomonidan o‘rganildi. Viloyat Ortopedik vositalarni ishlab chiqarish va ta’mirlash korxonasi bilan hamkorlikda uning murojaati ijobiy hal qilindi. Ayni damda Odil akaning mehnat qobiliyati qayta tiklandi.
– So‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qorako‘l tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari Salomat Komilova. – Jumladan, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari YAIMga nisbatan 2 baravarga oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi. Qorako‘l tumanida 50 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, jami aholi soni 170 438 nafar, xonadonlar soni 33 259 ta, oilalar soni 46 272 tani tashkil qiladi. Bugungi kunda 50 ta mahalla fuqarolar yig‘ini 13 ta hudud, 26 ta uchastkaga bo‘linib, barcha mahalla fuqarolar yig‘inida ijtimoiy xodimlar o‘z faoliyatini boshladi. Har bir xodim o‘ziga biriktirilgan mahallalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini toifalarga bo‘lgan holda xatlov jarayonini olib bordi. Natijada tuman bo‘yicha jami 14 310 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro aniqlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari