Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy xodim tufayli oila parokandalikdan saqlab qolindi
11:29 / 2025-02-04

Hayot sinovlardan iborat. Kimgadir og‘ir, kimgadir yengil. Sinovli dunyoning pastu balandlariga hammaning ham bardoshi yetmaydi. Shunday vaziyatlarda o‘zgalar ko‘magi, qo‘llab-quvvatlashi kishiga tirgak bo‘ladi, hayotda o‘z yo‘lini topib olishiga turtki beradi.

Bugun mahallalarda yangicha tizim, yangicha yondashuv asosida faoliyat yuritayotgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim og‘ir vaziyatga tushib qolgan oilalar, fuqarolarning turmushini iziga tushirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.  

Jomboy tumanidagi Olmazor mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Zilola Ne’matova faoliyatida ham bunday misollarni ko‘rish mumkin. Uning o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshishi tufayli mahalladagi buzilib ketish arafasida bo‘lgan oila tiklandi, uch nafar qiz tirik yetimga aylanmadi.  

[gallery-21584]

Gap mahallada yashovchi, ikkinchi guruh nogironi Zafar Abdujalilov oilasi haqida. Bedavo dardga chalingan o‘g‘lini davolatish maqsadida xorijda turli sharoitlarda mehnat qilgan ota ham oxir oqibat xastalikka yo‘liqadi. Shu kasallik sababli o‘g‘li vafot etgach oila batamom inqiroz yoqasiga keladi: ota to‘shakka mixlanadi, uch nafar farzandni boqish va bemor erni davolatish tashvishi kasb-hunarsiz onaning zimmasida qoldi. Bunday sinov har qanday kishini esankiratib qo‘yadi. Bu oila ham xuddi shunday ahvolga tushdi.  

– Faoliyatimiz boshida xatlov jarayonini o‘tkazgan edik, – deydi Zilola Ne’matova. – Bu oilaga kelganimda Zafar aka og‘ir ahvolda edi. Mustaqil harakatlanolmay qolgan. Turmush o‘rtog‘i esa ro‘zg‘or tebratish uchun uydan chiqib ketgan. Oilaning holatini shunchaki tasavvur qilib bo‘lmaydi. Zafar akaning roziligi bilan keys ochib, oilani tiklashni, uch nafar qiz farzandning tirik yetimga aylanishining oldini olish choralarini ko‘ra  boshladim. Birinchi navbatda oila boshlig‘ining salomatligini tiklashga e’tibor qaratdim. Shifoxonaga yotqizib, imtiyozli ravishda davolatdik. Saxovatli insonlarning ko‘magi bilan qo‘shimcha zarur dori-darmonlarni o‘z vaqtida yetkazib, tegishli muolajalarni olgandan so‘ng Zafar aka oyoqqa turdi. Keyin turmush o‘rtog‘i va farzandlarini ortga qaytardik. Muddati o‘tgan fuqarolik pasportini yangilab, Zafar akaning nogironlik guruhini tiklash evaziga tizimli ravishda davolanishiga sharoit yaratildi. Bolalar uchun nafaqa tayinlanib, turmush o‘rtog‘i kasb-hunar markazida o‘qitildi. Bugun u tikuvchilik korxonasida mehnat qilmoqda. Oila sekin-asta oyoqqa turmoqda.

Yangicha yondashuv asosida tashkil qilingan ijtimoiy himoya tizimi amalda o‘z natijasini bera boshladi. E’tiborga muhtojlar himoyaga olinib, ularning jamiyatga moslashuvi, hayotini iziga tushirishga sharoit yaratilmoqda.

– Boshimizga tushgan tashvishlar sabab oilamiz buzilish arafasida edi, - deydi Nasiba Qudratova. – Erim og‘ir xastalikka yo‘liqib, yurolmay qoldi. Mana shunday sharoitda ijtimoiy xodimning ko‘magi bilan oilamiz yana tiklandi. Allohga shukur, turmush o‘rtog‘im to‘liq bo‘lmasa-da, oyoqqa turib, mustaqil harakat qila boshladi. Ijtimoiy xodimning yelib-yugurishi bilan saxovatpesha insonlar ko‘magida uyimiz ta’mirlandi. Tikuvchilikni o‘rganib, “SAM RAFOAT TEXTILE” korxonasida ishlayapman. Hayotimiz iziga tushib, farzandlarim bag‘rimda. Eng muhimi, shu. Endi mehnat qilib, ro‘zg‘orimiz obodligini ta’minlaymiz.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/_S-kiRcQLpU?si=a3Hv_3fB_QVdfKID" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

G‘.Hasanov, A.Isroilov (video, surat), O‘zA muxbirlari