Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy xodim kim va uning vazifalari qanday?
11:24 / 2024-02-09

Yurtdoshlarimizning ijtimoiy himoyaga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish, manzilli yordam ko‘rsatilishiga erishish maqsadida o‘tgan yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Viloyatlarda agentlik boshqarmalari, tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2023 yil 15 oktyabrdan boshlab dastlab 28 ta tuman va shaharda eksperiment tariqasida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi va ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar ko‘rsatishning yangi tizimi yaratildi.  

Joriy yildan boshlab mazkur tizim butun mamlakatimiz bo‘ylab ishlay boshladi. Shu paytgacha “beshlik” tarzida faoliyat ko‘rsatgan mahallalarda endilikda ijtimoiy xodim va soliqchi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilib, “mahalla yettiligi” paydo bo‘ldi.

Xo‘sh, ijtimoiy xodim kim, uning vazifasi nimalardan iborat?

– Mahallada ishlaydigan ijtimoiy xodim aholining ijtimoiy xizmat va yordamlar, shuningdek, ijtimoiy ish faoliyati haqida xabardorligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatishni tashkil qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning murojaatiga asosan, kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda o‘z tashabbusi bilan “ijtimoiy ish”ni ochish hamda individual ijtimoiy xizmatlar rejasini tuzish uchun dastlabki baholash o‘tkazishni amalga oshiradi, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sardor Luqmonov. – Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga zarur hollarda qisqa muddatli individual ijtimoiy yordam rejasini tuzadi, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmat va yordamlar to‘g‘risida, shuningdek, aholining mazkur xizmatlarni olishga bo‘lgan huquqlari bo‘yicha tushuntirish beradi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va boshqalar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning muammolarni yechish bo‘yicha kompleks choralar ko‘radi. Umuman, aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog‘liq asosiy masalalar ijtimoiy xodim zimmasida bo‘ladi. Xodim bu vazifalarni “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali amalga oshiradi.

O‘tgan yil 15 oktyabrdan boshlangan eksperimentda Samarqanddan Paxtachi tumani va Kattaqo‘rg‘on shahri tumani tanlanib, mazkur hududlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari tashkil etildi. Markazlarda katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash, nogironlar bilan ishlash, mahallada ijtimoiy xizmatni tashkil etish, bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ijtimoiy to‘lovlar shu’balari faoliyat ko‘rsatadi. Joriy yildan viloyatimizdagi barcha tuman va shaharlarda shunday markazlar ish boshladi. Ularning har birida 10-12 nafar xodim ishlayapti. Hozirgacha 7 ta markaz belgilangan talablar asosida jihozlangan, xodimlar va aholi uchun zarur sharoit yaratilgan o‘z binosiga ega bo‘ldi. Qolgan markazlarni ham shunday binolar bilan ta’minlash chorasi ko‘rilmoqda.

 Shu bilan birga hozirda Paxtachi tumani va Kattaqo‘rg‘on shahridan tashqari barcha tuman va shaharlardagi mahallalar uchun ijtimoiy xodimlarni saralash jarayonlari davom etmoqda. Bu borada ham aniq tartib-qoidalar mavjud, ya’ni ijtimoiy xodim vazifasiga ishga qabul qilish me’yorlari ishlab chiqilgan. Shu asosida nomzodlar o‘rganilmoqda va ular vacancy.argos.uz tizimi orqali ishga qabul qilinadi.  

  Mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyat ko‘rsata boshladi. Aytish mumkinki, tizim kutilgan natijani berdi. Aholini ijtimoiy himoya qilish borasida xonadonbay ish olib borildi. Kimga qanday turdagi ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish zarur bo‘lsa, yangi tizim orqali amalga oshirildi.

 Eksperiment joriy etilgan Paxtachi tumanida 59 mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. O‘tgan yili bu mahallalarda oila sonidan kelib chiqib (har 2-2,5 ming oila uchun bir nafar), 26 nafar ijtimoiy xodim ish boshladi.

– Ijtimoiy xodimlarimizning 12 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi, – deydi Paxtachi tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Gulchehra Bobonazarova. – Shuningdek, mahallalardagi yolg‘iz keksalar, nogiron va bemorlarning uy-ro‘zg‘or yumushlariga ko‘maklashuvchi 20 nafar ijtimoiy assistent bor. Bevosita markazning o‘zida esa 10 nafar ijtimoiy xodim faoliyat ko‘rsatadi. Har bir shu’bada 2 nafardan oliy ma’lumotli, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha zarur bilim va malakaga ega mutaxassislar ishga qabul qilingan. Bundan tashqari, 2 nafar psixolog va 1 nafar huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatchidan iborat mobil guruhimiz mavjud.  

Bizning asosiy faoliyatimiz og‘ir ahvolga tushib qolgan va shu holatga tushish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalarga bevosita mahalla darajasida kompleks yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, mazkur toifadagi aholining ehtiyojlari va mavjud imkoniyatlarini baholash orqali ularga individual tartibda ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish rejalarini ishlab chiqish, tashkil etish, bu ishga ko‘ngillilarni jalb qilish kabi vazifalardan iborat. Qariyb to‘rt oydan buyon zimmamizdagi ana shu vazifalardan kelib, bir qator ishlarni amalga oshirishga erishdik.  

Jumladan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 5 nafar yolg‘iz yashovchi hamda keksa va nogironligi bo‘lgan shaxs aniqlanib, “Yolg‘iz keksa” reyestriga kiritildi. Hozirgi kunda ushbu  reyestrda tumanimiz bo‘yicha 129 nafar shaxs ro‘yxatda turadi va ularga ijtimoiy assistentlar xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shu yilning 15-23 yanvar kunlari tuman tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar to‘liq chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik natijasida ularning 2 nafari nogironlik aravasiga, 1 nafari ko‘z oynakka, 10 nafari hassaga muhtojligi aniqlandi.  

4568 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning 117 nafari reablitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlandi. Yil boshidan buyon yana 18 nafar fuqaroga elektr yuritmali aravacha, qo‘ltiq tayoq va boshqa vositalar berildi.  

O‘tgan yil 1 noyabrdan buyon mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtiruvchi alohida elektron modul – e-case asosida 301 ta keys, ya’ni ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lganlarga ijtimoiy yordam va xizmat yaratildi. Mobil guruh esa 87 nafar fuqaroga psixologik yordam ko‘rsatdi va ularning 73 nafarida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. 79 nafar shaxsga yurist konsult yordami berildi.

Ijtimoiy to‘lovlar shu’basi xodimlari tomonidan “Ijtimoiy himoya” yagona reyestri orqali 2023 yil noyabrda 12129 oila (tumandagi jami oilalarning 26 foizi)ga ijtimoiy nafaqa tayinlangan bo‘lsa, 2024 yil yanvar holatiga tumandagi 46824 ta oiladan 10009 tasiga (21,4 foiz) ijtimoiy nafaqalar tayinlandi.

[gallery-15870]

Bir necha yil xalq bilan birga ishlab kelayotgan davlat xizmatchisi sifatida aytishim mumkinki, yangi tizim haqiqiy muhtoj insonlarga davlat tomonidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvatlashning samarali usuliga aylanmoqda.  

Kezi kelganda ta’kidlash lozim, davlat rahbarining tegishli qarorida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishda ijtimoiy xodimlarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha shaxsan mas’ul va javobgar hisoblanishi belgilangan.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari