Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy xodim davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi
12:15 / 2026-03-10

Bugungi kunda yurtimizda ijtimoiy himoya sohasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Har bir mahallada nafaqat moddiy yordam, balki insonlar hayotini yaxshilash, bandligini ta’minlash, nogironligi bor fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonlarda mahalla faollari va ijtimoiy xodimlar alohida ahamiyatga ega.

Navbahor tumanidagi Beshrabot mahallasida faoliyat olib borayotgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Zarnigor Azimova ham ana shunday shijoatli xodimlardan biridir. Garchi u turli sohalarda 11 yildan buyon faoliyat olib borayotgan bo‘lsa-da, allaqachon hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan. 2024-yildan buyon esa ijtimoiy xodim lavozimida ishlab kelmoqda.

So‘nggi ikki yil davomida uning tashabbusi natijasida 54 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga xizmat ko‘rsatildi. Shu bilan birga 50 nafarga yaqin nogironligi bor shaxslar reabilitatsiya jarayoniga jalb qilindi. Ular adaptiv sport turlari va boshqa ijtimoiy faoliyatlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi. Bandlik va ta’limga jalb qilish orqali mahalla aholisi ijtimoiy faollikka keng jalb etildi. Bu esa bugungi islohotlarning amaliy samarasidir.

U nafaqat ish jarayonida, balki turli tadbirlarda ham faol ishtirok etadi. Zarnigor 2025-yilda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o‘tkazilgan “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lib, respublika bosqichida esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Iyun oyida Gruziyadagi malaka oshirish kurslarida qatnashib, xalqaro tajriba orttirib qaytdi. Bu tajriba mahalladagi faoliyatni yanada samarali qilishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, u Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Eng yaxshi keys menejeri” mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Ijtimoiy g‘amxo‘rlik faqat davlat siyosati emas, balki har bir insonning amaliy faoliyati orqali ham ro‘yobga chiqadi. Mahalladagi har bir faollik, muvaffaqiyatda Z.Azimova kabi xodimlarning alohida hissasi bor.  

Mamlakatimizda yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida qilingan mehnat, ilgari surilgan tashabbuslar doimo qadrlangan, qo‘llab-quvvatlangan va davlatimiz tomonidan alohida e’tirof etib kelinadi.

Yaqinda Zarnigor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi. Bu baho esa ijtimoiy xodim mehnatiga berilgan munosib bahodir.

A Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari