Shu kunlarda Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultonova boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, safarning dastlabki kunida delegatsiya a’zolari Xanchjou shahridagi Ayollar va bolalar assotsiatsiyasiga tashrif buyurdi. Assotsiatsiya rahbariyati bilan uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalari, ayollar va bolalar uchun ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishga doir muzokaralar olib borildi.


Tashrif davomida mehmonlarga assotsiatsiya binolari, markazda amalga oshirilayotgan loyihalar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar taqdim etildi. Shu bilan birga, Shahnoza Sultonova Toshkent shahrida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, himoya va reabilitatsiya xizmatlarining hozirgi holati hamda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA