Ijtimoiy himoya milliy agentligining mas’ul vakili hamda “BARKALAYA TAMILA” xalqaro konsultanti Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan kunduzgi parvarish va reabilitatsiya xizmatlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mutaxassislar Buxoro shahridagi kunduzgi parvarish xizmati, “Huzur uyi” hamda “Himchan” xususiy klinikalarida bo‘lib, u yerdagi bolalar va davolanayotgan bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, reabilitatsiya jarayonlari, mutaxassislar faoliyati hamda ko‘rsatilayotgan ijtimoiy va tibbiy xizmatlar sifatini ko‘zdan o‘tkazdi.

Shuningdek, bolalarning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mashg‘ulotlar, individual reabilitatsiya dasturlari, ota-onalar bilan olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro konsultant tomonidan xizmatlar samaradorligini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Shuningdek, xizmatlarni tashkil etish tartibi, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari, mavjud imkoniyatlar hamda amaliy masalalar muhokama qilindi.

Bu kabi o‘rganishlar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.