English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy xizmatlar rivojlanish bosqichida
21:25 / 2021-06-14

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, aholi muammolarini aniqlash va bartaraf etish, ijtimoiy zaif qatlam vakillarini xar tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha yangi “Pilot” loyihasini yo‘lga qo‘ymoqda. Bugun mazkur loyihaning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning mamlakatimizdagi agentliklari, YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Senat vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya, Iqtisodiyot hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari ishtirokida o‘tkazildi.

“Pilot” loyihasining asosiy maqsadi har bir mahallada, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “mahallabay” tizimi bilan uyg‘unlashgan holda, ijtimoiy xizmatlarni joriy etishdir.

Loyiha dastlab oilaning ajralishi, kambag‘allik, zo‘ravonlikning oldini olish uchun hamjamiyatlarga asoslangan ijtimoiy xizmatlarni rejalashtirish, amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha xalqaro tajribalarni qo‘llagan holda, Toshkent shahrining Olmazor tumanida va Toshkent viloyatining Angren shahrida sinovdan o‘tkaziladi.

Tadbirda sinov loyihasining natijalari ijtimoiy himoya sohasini isloh qilish dasturining asosi bo‘lib, xususan, himoyani kompleks ta’minlash uchun institutsional bazani ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

– Ushbu loyiha ijtimoiy himoya tizimi, inson huquqlariga asoslangan va inklyuziv yondashuv asosida ishlaydigan yuqori malakali xodimlar ko‘magi bilan O‘zbekistondagi zaif qatlam vakillari  va oilalar hayotida ijobiy o‘zgarishga sabab bo‘ladi. Loyiha doirasida ijtimoiy xodimlar  ko‘plab vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni muvofiqlashtirib boradi, – dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari Joffri Ijumba.

Ta’kidlash kerak, sinov loyiha doirasida ehtiyojlarga asoslangan va individual xizmatlardan foydalanish aholining kam ta’minlangan, yordamga muhtoj qatlamlari, nogironligi bo‘lgan insonlar, bolali oilalar singari qatlamlarni qamrab oladi. Mazkur loyiha O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani takomillashtirish bo‘yicha BMTning Qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

– Loyihaning muhim jihatlaridan yana biri aholi muammolari yechimiga mas’ul vazirlik va idoralarni jalb qilish, har bir muammoni o‘z egasiga yo‘naltirishdir. Ishni bu tarzda olib borish mahallalarda fuqarolar muammolari tezkorlik bilan manzilli bartaraf etilishiga, aholining ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirishga olib keladi, – dedi O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Mahmudova.

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA