Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida nogironligi sabab ro‘yxatda turgan 3 455 nafar fuqaroni qo‘llab-quvvatlash, ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida joriy yilning birinchi yarim yilligida 368 nafar shaxs qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 18 nafariga reabilitatsiya xizmati ko‘rsatildi, 223 nafari esa ish bilan ta’minlandi.
Shuningdek, 319 nafar fuqaroga 438 million so‘mlik protez-ortopediya va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari yetkazib berildi.

Bundan tashqari, 1 464 ta kam ta’minlangan oila moddiy yordam va kommunal to‘lovlar uchun kompensatsiya, 257 nafar yolg‘iz keksa tibbiy-ijtimoiy xizmatlar, 839 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs maxsus yordam bilan qamrab olindi. 343 nafar zo‘ravonlikka uchragan fuqaro hamda 48 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatildi.

– Bugungi kunda har bir murojaat — bir inson taqdiri, bir oilaning dardi. Biz har bir fuqaroning muammosini o‘z muammomizdek qabul qilgan holda ish tutamiz, – deydi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Bunyodjon Mamarasulov. – Olib borilayotgan ishlar natijasida ko‘plab fuqarolarning hayotida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilyapti. Masalan, oilalarning iqtisodiy ahvoli yaxshilangandan so‘ng ular “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dan chiqarilyapti. Bu ham tizim samaradorligidan dalolat beradi.

Haqiqatdan ham, tahlillarga ko‘ra, 413 ta oilada daromad manbalari yaxshilanib, ular reyestrdan chiqarilgan. Bu orqali davlat byudjetidan taxminan 500 million so‘m tejalgan. Prezidentning 2025 yil 2 apreldagi "Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida iyun oyida 4 401 ta ariza qabul qilinib, 276 ta oilaning har biriga 5 million so‘mlik kompensatsiya to‘lab berilgan.
Yolg‘iz yashovchi 63 nafar fuqaroga har oy 269,5 soatlik ijtimoiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Ularga hujjatlarni rasmiylashtirish, yaqinlari bilan aloqalarni tiklash kabi masalalarda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

– Odamlarning nafaqat moddiy ehtiyojlari, balki ruhiy holati, jamiyatda o‘zini kerakli his etishi ham biz uchun muhim, – deya ta’kidlaydi B. Mamarasulov. – Shu bois xizmatlarimizni nafaqat kengaytiryapmiz, balki inson qadriga moslashtiryapmiz. So‘nggi islohotlar doirasida 5 turdagi — uyda ijtimoiy-maishiy xizmat, kunduzgi parvarish, tibbiy reabilitatsiya, shaxsiy yordamchi tayinlash kabi xizmatlar amaliyotga joriy qilindi.
Tumanda 220 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola ro‘yxatda bo‘lib, 2025 yil oxiriga qadar ulardan 11 nafari uy-joy bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Hozirgacha 1 nafar bola uchun uy xarid qilindi. “Yoshlarga hamrohlik” dasturi doirasida 44 nafar bolaga ta’lim, tibbiyot va kasb-hunar sohalarida ko‘mak ko‘rsatildi.
“Inson” markazi oldidagi eng muhim vazifalardan biri — xizmat sifatini oshirish va eng muhtoj toifalarni aniqlash, ular bilan ishlashning samarador modelini shakllantirishdan iborat.
– Yil oxirigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 maydagi "O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga binoan 96 nafar yolg‘iz keksani yangi xizmat turlari bilan qamrab olish, 20 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni ish bilan ta’minlash va 100 nafar fuqaroga reabilitatsiya vositalarini yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Shu bilan birga, 1 270 ta oilaning holatini qayta o‘rganib chiqamiz, – deya ma’lum qiladi B. Mamarasulov – Eng muhimi, biz odamlarning muammosini yechish bilan cheklanmay, ularning yaxshi hayot kechirishlari uchun ko‘maklashishga intilyapmiz.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, aholining real ehtiyojlariga yo‘naltirilgan, adolatli va manzilli ijtimoiy yordam siyosati tumanda ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri