Har bir deputat uni vakil qilib saylagan xalqning, saylovchilarning muammolarini, ularni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan masalalarini o‘rganishi, hal etishga ko‘maklashishi, buning uchun xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lishi lozim. Hududlarda deputatlar ishtiroki va tashabbusi bilan hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar kam emas.
Muhimi, deputatlarning ularga nisbatan mas’uliyati, e’tibori va tashabbuskorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qolaversa, xalq vakillarining saylovchilar bilan muloqoti va joylardagi o‘rganishlari yurtimizdagi islohotlarning amalda qanday natija ko‘rsatayotgani bilan yaqindan tanishish imkonini ham beradi.

Parlament quyi palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov boshchiligidagi ishchi guruh poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Inson ijtimoiy xizmatlar markazi, maxsus maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda bir qator mahallalarda o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlar davomida ta’lim, ijtimoiy himoya, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari tahlil qilindi. Mavjud muammolarga e’tibor qaratilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Aniqlanishicha, joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy islohotlar amalda o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, ijtimoiy xizmatlar qamrovi kengayib, kambag‘al oilalarni ro‘yxatga olish va ularga yordam ko‘rsatish tizimi samaradorligi oshgani hamda ta’lim sohasida zamonaviy pedagogik yondashuvlar bosqichma-bosqich joriy etilayotgani qayd etildi. Bu boradagi sa’y-harakatlar natijasida qator ijobiy natijalarga erishilayotgani e’tirof etildi.
M.Komilova,
O‘zA