Ayni kunlarda yurtimizning barcha tuman, shaharlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan kouchinglar o‘tkazilmoqda. Jumladan, Navoiy shahrida erkin va samimiy suhbat hamda o‘zaro fikrlar almashinuvi tarzida kechgan kouchingda “Inson” markazi xodimlari hamda mahallalardagi aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ko‘rsatiladigan barcha ijtimoiy xizmatlar haqida batafsil ma’lumotlar berilib, interaktiv usulda fuqarolar bilan psixologik o‘yinlar o‘tkazildi.
[gallery-26019]
Shuningdek, uchrashuvda gaz va elektr to‘lovlari uchun bir martalik moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari, nogironlikni belgilashning yangi tartibi, “Faol hayotga qadam” dasturi bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi xizmatlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning texnik vositalari va protez-ortopediya mahsulotlari bilan ta’minlashdagi o‘zgarishlar, ijtimoiy nafaqalar kabi yo‘nalishlarda fikr-mulohazalar bildirildi.
Samimiy muloqot tarzida o‘tgan tadbirda fuqarolar tomonidan ijtimoiy himoya ko‘lamini kengaytirish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda aholi uchun qulayliklarni oshirish borasida bir qator takliflar bildirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari