Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tibbiy parvarish markazi
17:02 / 2025-12-01

3 dekabr – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslar kuni

Samarqand shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning hayot sifatini yaxshilash maqsadida ko‘p tarmoqli ijtimoiy tibbiy parvarish markazi ish boshladi.  

Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda Abu Ali ibn Sino va Haynrix Shipperges nomidagi O‘zbekiston-Germaniya xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi hamkorligida tashkil etilgan muassasada yolg‘iz keksalar, nogironligi bor hamda uzoq muddat parvarishga muhtoj shaxslarga uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam, qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnov asosida qarab turish va shaxsiy yordamchi xizmatlar ko‘rsatiladi.

– Xizmatlar haftasiga besh kun tashkil etilib, 40 nafar nogironligi bor fuqaro uchun mo‘ljallangan, – deydi Abu Ali ibn Sino va Haynrix Shipperges nomidagi O‘zbekiston-Germaniya xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi nodavlat ta’lim va ilmiy metodik muassasasi rektori Azamat Egamberdiyev. – Ushbu markaz muassasamiz tasarrufida tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma loyihasi asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarning faol hayotga qaytishi, jamiyatga integratsiya bo‘lishi hamda psixologik-emotsional holatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Markazga keluvchilar yashash joyidan avtobusda bepul olib kelinadi va kechqurun yana manziliga yetkaziladi. Kun davomida 20 nafar xorijlik va mahalliy mutaxassis tomonidan reabilitatsiya va sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari, jismoniy mashqlar, madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar tadbirlar, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar hamda fizioterapiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, 30 dan ziyod mutaxassislarimiz 355 nafar nogironligi bor va imkoniyati cheklangan fuqarolarning uyiga borib, ularga ijtimoiy-psixologik yordam beradi.

– Uch yil oldin operatsiyadan keyin yurolmay qolgandim, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Zulfiya Musaboyeva. – Ijtimoiy parvarish markaziga kelgach, sog‘ligimda o‘zgarishni va oyoqlarimda harakatlarni his qilyapman. Asosiysi, bu yerda nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy-psixologik va jismoniy mashg‘ulotlar bilan muolaja ko‘rsatilayotgani menga manzur bo‘ldi.

Samarqand shahridagi Abu Ali ibn Sino va Haynrix Shipperges nomidagi O‘zbekiston–Germaniya xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi o‘tgan yil iyun oyida O‘zbekistonning Ommaviy-huquqiy tadqiqotlar markazi hamda Germaniyaning Lyudvigsburg amaliy fanlar universiteti va Haymerer professional akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan.

Muassasaning asosiy maqsadi  sog‘liqni saqlash sohasi uchun yuqori malakali tibbiyot xodimlari va boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘lib, ta’lim jarayoniga o‘zbek va nemis tibbiyot maktablarining ilg‘or tajribalari hamda zamonaviy texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Maktab diplomining xalqaro tan olinishi bitiruvchilarga O‘zbekiston, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlarida ishlash imkoniyatini beradi. Hozir loyihaning dastlabki bosqichi sifatida til o‘rganish kursi va ijtimoiy tibbiy parvarish markazi tashkil etildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri