Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tashabbus: bolajonlar kelajagi uchun muhim qadam
19:07 / 2026-02-05

Respublika ixtisoslashtirilgan onalik va bolalik salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filialida ta’limga jalb etish imkoniyati cheklangan Daun sindromli bolalarni jamiyatga integratsiya qilish, ularni kunduzgi parvarish asosida ta’lim va reabilitatsiya xizmatlariga jalb etish hamda inklyuziv muhitni shakllantirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.

Mazkur tadbir Prezidentimiz tomonidan 2025 yil 18 dekabrda imzolangan “Aholining ehtiyojmand qatlamlariga hududlarda kompleks ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror asosida o‘tkazildi. Unda Guliston shahridagi sobiq bolalar shaharchasi o‘rnida ochilishi rejalashtirilayotgan Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi va uning doirasida yo‘lga qo‘yiladigan reabilitatsiya, abilitatsiya, fizioterapiya, davolash-jismoniy tarbiya hamda parvarishlash xizmatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar ham taqdimot shaklida jamiyat e’tiboriga havola qilindi.

Markazning genetik shifokori Otabek Sultonov, tadbirkor Xurshida Abdug‘afurova hamda sohaning mutaxassislari bolalarning onalari va yaqinlariga kunduzgi parvarish xizmati, uning afzalliklari hamda Gulistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan ixtisoslashtirilgan markaz haqida batafsil tushuntirishlar berishdi.

– Mazkur qarorga muvofiq, Gulistonda tashkil etilayotgan Ijtimoiy xizmatlar markazida  ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar hamda og‘ir hayotiy vaziyatdagi bolalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi, – dedi Xurshida Abdug‘afurova. – Shuningdek, rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalarni to‘g‘ri parvarishlash bo‘yicha oila a’zolari va parvarish bilan band shaxslarning ko‘nikmalari mustahkamlanadi. Og‘ir hayotiy vaziyatdagi bolalarning ijtimoiy moslashuvi ta’minlanadi, ularga psixologik-pedagogik, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar taqdim etiladi.

Hududiy markazlar reabilitatsiya, abilitatsiya, fizioterapiya, davolash-jismoniy tarbiya hamda parvarishlash xizmatlarini ko‘rsatadi. Bu jarayonda nodavlat tashkilotlar, tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ham faol ishtirok etishi mumkin. Ijtimoiy xizmatlardan imtiyozli shartlarda foydalanish “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yo‘llanmasi asosida amalga oshiriladi. Yo‘llanmalar eksterritorial prinsip asosida rasmiylashtiriladi va barcha xizmatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligining elektron tizimi orqali nazorat qilinadi.

– Sirdaryoda Daun sindromli, kunduzgi parvarish va inklyuziv ta’limga muhtoj bolajonlar soni 100 nafardan ortiq, – deydi genetik shifokor Otabek Sultonov. – Agar ularning tarbiyasi va rivoji haqida bugun qayg‘urmasak, qachon qayg‘uramiz? Afsuski, ko‘p bolalar tengqurlaridan ortda qolib ketmoqda. Yangidan tashkil etilayotgan markaz esa ana shu bo‘shliqni to‘ldirish va ularning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Bugun tadbir davomida onalar va yaqinlarga zarur tavsiya va amaliy maslahatlar berildi.

Tadbir ishtirokchilari Davlatimiz rahbarining bunday e’tiborini bolajonlar kelajagi va ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashidagi ahamiyatini alohida ta’kidlab, o‘zlarining minnatdorchiliklarini bildirishdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri