So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar ham fisqu fasod va ig‘voning uyasiga aylanib bormoqda. Biror bir kasbning boshini tutmagan ayrim fuqarolar vaqtini ommalashgan messenjerlarda tashkil etilgan guruhlarda yolg‘on yoki tuhmat xabarlarni tarqatish bilan o‘tkazib, o‘zga shaxslarning obro‘yiga putr yetkazilishidan tortib, sog‘ligi va ish faoliyatining yomonlashuviga sabab bo‘lmoqda.
Bundan bir muncha vaqt ilgari ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi ayol Saudiya Arabistoniga haj safariga borib, tilla taqinchoqlar sotiladigan do‘konda o‘g‘irlik qilganligi aytilgan audio va bir oilaga tegishli bo‘lgan surat tarqalgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudining ochiq sud majlisida bu ma’lumotlar yolg‘on ekanligi tasdiqlanib, aybdorlarni javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqildi.
Sudda aniqlanishicha, voqealar markazida 1974 yilda Xiva tumanida tug‘ilgan, oilali, vaqtincha ishsiz va muqaddam sudlanmagan ayol kishi bo‘lgan.

U tarqatgan ma’lumotining yolg‘onligini bilaturib, jabrlanuvchi fuqaroni sharmanda qilish maqsadida uning Arabiston davlatiga haj safariga borib, hamma namoz o‘qish uchun masjidga ketgan paytda do‘konlarga kirib, o‘g‘irlik jinoyati sodir qilganligi haqida mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ovozli xabarni hamda jabrlanuvchining oila a’zolari bilan birga tushgan suratni “Telegram” messenjeridagi profilidan tanishining profiliga yuborib, o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilganlikda ayblagan, ya’ni internet tarmog‘i orqali tuhmat qilgan.
Tergov jarayonida audoiyozuv va “Telegram” messenjeridagi yozishmlar sudlanuvchiga tegishli ekanligi tasdiqlangan. Sudlanuvchi qilmishidan pushaymonligini, oilasida yakka boquvchi ekanligini, qaramog‘ida kasal turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi borligini, oilaviy va moddiy ahvolini inobatga olib suddan yengillik qilishni so‘rab ko‘rsatma berdi.
–Telegram”da ovozli xabarni tanishimga jo‘natdim, – deydi sudlanuvchi. – Hech kimga g‘arazli niyatim yo‘q edi. Bilmasdan so‘zlaganman. Hozir ham shu opadan o‘tinib kechirim so‘rayman. Agar qamalib ketsam, bola-chaqam mensiz qiynaladi. Shuning uchun kechirishlaringizni so‘rayman.
Sudda ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi yaqin yillarda Saudiya Arabistonida bo‘lmagan va oxirgi marta umra ziyoratiga 2019 yilda borgan. Sud, davlat ayblovchisining xulosasi, taraflarning fikrini va ko‘rsatmalarini eshitib, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, qonun doirasida hukm qildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/M4kMBFU5SF4" title="Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zga shaxsga tuhmat qilgan fuqaroga jazo tayinlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Bunda sudlanuvchilarning aybiga iqrorligi va chin dildan pushaymonligi, oilaviy ahvoli, muqaddam sudlanmaganligi hamda asosiysi jabrlanuvchi taraf kechirganligi inobatga olindi. Sudlanuvchi M.Jga O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 139-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan olti oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. Sudya hukmning mazmuni, unda qanday holatlar inobatga olinganligi va tergov davomida keltirilgan qaysi holatlar aybdan chiqarilganligini tushuntirdi.
Har qanday tasdiqlanmagan, o‘zingiz guvohi bo‘lmagan ma’lumotlarni boshqa shaxsga yoki keng ommaga tarqatishda uning rostligini aniqlab olishni unutmang. Zero, o‘zga shaxsga qilingan tuhmat yoki yolg‘on axborot uchun qonunchilikda jazo belgilangan.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (video),
O‘zA muxbirlari