Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan 49 - oilaviy poliklinika yonida chiqindilar to‘planmoqda” sarlavhali murojaat tarqalgan.
Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi ekspertlar guruhi a’zolari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi mas’ullari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari amalga oshirildi.

O‘rganishlar jarayonida xabarda keltirib o‘tilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Ya’ni, Toshkent shahar Yunusobod tumani Amir Temur shoh ko‘chasi, 117 - uyda joylashgan Yunusobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi avtoturargohi hududida chiqindilar noqonuniy ravishda joylashtirilgani, bu esa, o‘z navbatida, atrof - muhitga salbiy ta’sir etayotgani aniqlandi.
Mas’ullar tomonidan holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi. Kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Ayni paytda mazkur masala ijobiy hal etilib, hudud tartibga keltirilmoqda.
O‘zA