English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tarmoqlar yoshlar uchun imkoniyat eshigimi yoki illat domi?
16:47 / 2025-10-06

Bugun internet har bir xonadonda mavjud. U ilmiy ma’lumotlar, yangiliklar va tajribalar almashish maydoni bo‘lishi kerak aslida. Ammo afsuski, ayrim yoshlar uchun u ma’naviyatni zaharlayotgan illat manbaiga aylanmoqda.

Internet — bilim manbaimi yoki illat qamog‘i?

Bolalar o‘yinlaridan iborat bolalik kunlari endi telefon ekranlariga almashgan. Ilgarigida “Oq terakmi, ko‘k terak?”, “Quvlashmachoq”, “Arqonda sakrash” kabi o‘yinlar bolalar hayotining ajralmas qismi bo‘lgan bo‘lsa, bugun smartfon ularning ovunchog‘i bo‘lib qoldi.

Gohida “Ba’zan, bir kun bo‘lsa-da, barcha telefonlar ishlamay qolsa, biz ham o‘sha qiziqarli o‘yinlarni o‘ynasak edi”, — deydigan yoshlarni eshitamiz. Bu satrlarda og‘riqli haqiqat yotadi.

“Faqat bir marta ko‘raman” degan bola endi o‘zini to‘xtata olmaydi

Psixologlarning ta’kidlashicha, behayo kontentni tasodifan ko‘rgan har qanday yosh miyasida “hayajon impulsi” paydo bo‘ladi. Bu impuls dofamin gormonini faollashtirib, miyada qayta-qayta o‘sha kontentni izlash istagini uyg‘otadi.

Natijada yoshlar behayolikni oddiy holat deb qabul qila boshlaydi. Bu — ruhiy inqirozning boshlanishi. Miya buni “halovat” deb qabul qilsa, qalb “uyat”ni unutadi, deyish mumkin.

Layklar va kuzatuvchilar ortidagi fojia

Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda obro‘ — bilim yoki mehnat emas, “layk” va kuzatuvchi soni bilan o‘lchanmoqda. Bu esa yoshlar ongida sun’iy me’yorlarning shakllanishiga olib kelmoqda.

Qizlar o‘z jozibasini “omad” deb bilsa, yigitlar ayolni “kontent ob’ekti” sifatida ko‘rishga o‘rganmoqda. Bunday yolg‘on me’yorlar nafaqat internetda, balki hayotiy munosabatlarda ham axloqiy inqirozni keltirib chiqarmoqda.

Behayo kontent insonda stress va depressiyani kuchaytiradi, hayotga qiziqishni so‘ndiradi, jamiyatdan uzilish holatini keltiradi. Eng xavflisi, behayolik insonni hissizlik va behurmatlikka o‘rgatadi. Bu esa jamiyat ma’naviyati uchun eng katta tahdid.

Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, 726 nafar ishtirokchidan 70 foizi kuniga ikki soatdan ziyod vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishini bildirgan. Bu yiliga o‘rtacha 46 kun degani. Demak, inson hayotining 60 yilidan kamida 7,5 yili ekran oldida o‘tadi.

Ba’zi yoshlar esa kunlik 5–10 soat vaqtni faqat internetda sarflayotganini yashirishmaydi. Bu raqamlar internet foydalanuvchisi faqat vaqtini emas, balki diqqat va ruhiy barqarorligini ham yo‘qotayotganini ko‘rsatadi.

500 nafar yosh ishtirok etgan boshqa so‘rovda esa 72 foizi “behayo videolarni tasodifan olganman”, 38 foizi “ularni qayta izlashni boshlaganman”, 15 foizi “bu holat ruhiy salomatligiga ta’sir qilganini” aytgan.

Bu raqamlar internet nafaqat axloqiy, balki ruhiy sohada ham sezilarli ta’sir darajasida ekanini ko‘rsatadi.

Davlat va ta’lim tizimining roli

Raqamli texnologiyalar vazirligi fuqarolarni nomaqbul kontentdan himoya qilish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarga ega.

Amaldagi Vazirlar Mahkamasining “Butunjahon Internet tarmog‘ida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 707-son qaroriga muvofiq, taqiqlangan axborot manbalari maxsus reyestr orqali cheklanadi. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarida media savodxonlik va axborot gigiyenasi darslarini joriy etish, psixologik xizmatlar va media muhokama klublarini tashkil qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

“Ijtimoiy tarmoqlar odob-axloq kodeksi” zarurati

Internet maydonida har bir insonning erkinligi bo‘lsa-da, uning ma’naviy chegarasi bo‘lishi shart. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar uchun alohida “Odob-axloq kodeksi” ishlab chiqish vaqti keldi.

Bu kodeks nafaqat cheklovchi hujjat, balki axborot madaniyatini shakllantiruvchi milliy dastur sifatida xizmat qilishi lozim.

Xulosa o‘rnida aytish joiz, ijtimoiy tarmoqlar yoshlar uchun imkoniyat eshigimi yoki illat domi — buni har kim ongli ravishda hal etadi. Internetda “axborot erkinligi” bilan “axloq erkinligi”ni adashtirmaslik — XXI asr yoshining asosiy vazifasi. Ma’naviyatni asrash uchun cheklov emas, mas’uliyat kerak. Axborot oqimida g‘arq bo‘lgan zamonda ruhiy sog‘lomlik va milliy qadriyatlarni muhofaza qilish — bugun har birimiz uchun eng katta sinov.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA