Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tarmoqlar inson hayotining ajralmas qismi
18:03 / 2025-10-15

Sir emaski, bugungi kunga kelib, ijtimoiy tarmoqlar inson hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Cheksiz ko‘ringan bu maydonda istalgan sohaga doir kontentlar topiladi, albatta. Ehtimol shu sababdan ham gazeta, jurnal o‘quvchilari kamayib bormoqda. Ammo masalaning yana bir jihati borki, internet tarmoqlarida e’lon qilinayotgan materiallar nechog‘li saviyali?

Bugun aksar insonlarning ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifalari mavjud. Ularning o‘ziga yarasha o‘quvchilari ham bor, albatta. Faqat hammada ham ommaviy madaniyat shakllanganmikin? Bejiz bunga urg‘u bermayapmiz. Negaki, inson ongi muntazam shakllanib boradi. 

Taassufki, ba’zi hollarda ommaviy madaniyatsizlar tomonidan odamlar ongiga zahar sochilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu esa jamiyatda tarqoqlikning kuchayishi, o‘zaro hurmatsizlikning ortishiga olib keladi. Shuning uchun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan o‘ta hushyorlik talab etiladi. Negaki, har bir e’lon qilinayotgan internet materialiga nisbatan kishida to‘g‘ri munosabat shakllanmog‘i lozim. Unda ilgari surilayotgan g‘oyalarning qanchalik asosliligi, keltirilgan aniq manbasiga albatta e’tibor berish muhim.

Umuman olganda ommaviy savodxonlikni oshirish yo‘lida avvalo, maydonga chiqayotgan, ommaga da’vogarlik qilayotganlardan o‘z ustida tinimsiz ishlashlari, kontent sifatiga alohida ahamiyat qaratmoqlari talab etiladi. Shundagina davlatimiz rahbari ilgari surayotgan milliy birdamlik hamda ma’naviy kamol topishga erishmog‘imiz mumkin.

Quvonarlisi, buni anglagan holda internet maydonida o‘z shaxsiy sahifalarini yaratayotgan ziyolilar soni ortib bormoqda. Bu esa havaskorlar uchun muhim maktab, kuzatuvchilar uchun esa ishonchli va saviyali maydon bo‘ladi.

Sherbek Islomov, O‘zA