Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tarmoq orqali shilqimlik qilgan shaxs qamaldi
19:39 / 2025-12-10

Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida istiqomat qiluvchi ayol B.B. “Instagram” ijtimoiy tarmog‘ida o‘zining sahifasini yuritadi. U ijtimoiy tarmoq orqa tanishlari yoki do‘stlari bilan xabar yozishib turadi. Ba’zan notanish akkaunt(ijtimoiy tarmoqda profil egasi)dan ham turli xabarnomalar kelib turardi. Kunlarning birida B.B.ga M.M. ismli erkak nomidan ochilgan akkauntdan xabarnoma keldi. Biroq B.B. ne ko‘z bilan ko‘rsinki, mazkur xabar shahvoniy tusda bo‘lib, behayo va uyatsiz mazmunda edi.

Ushbu mazmundagi xabarni olgan B.B. o‘zining qadr-qimmatini tahqirlangan deb hisoblab, “Instagram” ijtimoiy tarmog‘idagi ushbu profil egasining ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qildi.  

Aniqlanishicha, B.B. ga ushbu uyatsiz mazmundagi xabarnomani 1979 yilda Urganch tumanida tug‘ilgan fuqaro M.M. jo‘natgan bo‘lib chiqdi.  

Urganchlik  46 yoshli erkak o‘zicha erkalik deb o‘ylab, ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirgan bunday  hatti-harakatlari oxir-oqibat qonun oldida javobsiz qolmasligini nahotki bilmagan bo‘lsa?  

U yangibozorlik fuqaro B.B.ning tinchligini buzib, “Instagram” orqali shahvoniy mazmundagi, insoniy qadrni yerga uradigan so‘zlar bilan murojaat qilgan. Bir qarashda oddiy bir virtual xabardek tuyulgan bu tahqirlovchi jumlalar aslida virtual makonda ham, jamiyatimizda ham inson sha’niga qadalgan no‘noq mix kabi hunuk iz qoldiradi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudida  shu tumanda yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro M.M. Yangibozor tumanida yashovchi fuqaro B.B.ga “Instagram” ijtimoiy tarmog‘i orqali shahvoniy tusdagi xabarlar yuborib, uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaganligi Urganch tumani IIB xodimlari tomonidan aniqlanib, hujjatlashtirilgan holat yuzasidan M.M. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 411-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

–Shahvoniy shilqimlik  bu shaxsning xohishiga qarshi ravishda jinsiy mazmundagi bosim, ishora, muloqot yoki jismoniy tegish orqali uni bezovta qilishdir,– deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch tuman sudining raisi Inomjon Usmonov. – U o‘ziga xos zo‘ravonlik turi hisoblanib, odamning sha’ni, qadr-qimmati va xavfsiz muhitiga jiddiy zarar yetkazadi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida shahvoniy shilqimlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik to‘g‘risida jazo choralari belgilangan bo‘lsada, afsuski, bunday nojo‘ya xatti-harakatlarning uchrayotganligi achinarli holatdir.

Darhaqiqat, bunday nojo‘ya xatti-harakatlar jabrlanuvchini qo‘rquvga soladi, ishonchi va o‘zini himoya qilish hissini yo‘qotishiga, ruhiy travma olishiga, ayniqsa, ish muhitida ro‘y berganda, xodimning mehnat samaradorligi pasayishi, o‘qish jarayonida bo‘lsa, ta’lim sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu sababdan ijtimoiy tarmoq yoki boshqa elektron platformalardan foydalanayotganda bugungi raqamlashgan zamonda internatdagi har bir xatti-harakat o‘zidan iz qoldirishini, kimgadir nojo‘ya xabarnomani jo‘natishdan oldin esa bunga ham qonuniy jazo muqarrar ekanligini unutmang.  

Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri