Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tarmoq orqali qo‘yilgan tuzoq
11:35 / 2024-10-17

Bugungi kunda jamiyatimizda xotin-qizlarning o‘rni va mavqei baland. Ular barcha sohada faol. Uy bekasi, shifokor, o‘qituvchi, tadbirkor, olima ayollarimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Ularni uyimiz bekasi, farishtasi, deya e’zozlaymiz. Ammo ba’zida ayollik sha’niga dog‘ tushirayotganlar uchrab turgani achinarlidir.

Yaqinda sudda o‘zgalarni chuv tushirib, pullarini aldab olgan ayolning ishi ko‘rib chiqildi. N.T.ismli ayol muqaddam ham firibgariligi uchun sudlangan bo‘lishiga qaramay yana eski “kasbini” davom ettirgan. U ijtimoiy tarmoq orqali go‘yoki Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan ayollar kiyim-kechagini sotmoqchi ekanligi to‘g‘risida e’lon joylashtirgan. E’lon bo‘yicha unga murojaat qilgan S.S.ni aldab, oldindan 300000 so‘mni plastik kartochkasiga o‘tkazib berishga erishgan. Biroq u va’dasini bajarmay pullarni o‘zining ehtiyojiga sarflab yuborgan. Ijtimoiy tarmoqdagi ayollar kiyimi aks etgan fotosurat bo‘yicha murojaat qilgan P.Ch.ni ham aldab, uning 1260000 so‘m miqdordagi pulini aldov yo‘li bilan olgan. Uning yolg‘on va’dalariga uchgan yana 4 nafar fuqaro ham Turkiyada ishlab chiqarilgan kiyim-kechakdan umidvor bo‘lib N.T.ning plastik kartasiga pul o‘tkazgan. Keyinchalik ular aldanganligini bilgach, huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilgan.

Sudda sudlanuvchi N.T. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, hozirgi kunda qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlar to‘liq qoplab berganini, oilaviy sharoitini, ayolligini hisobga olib yengilroq jazo tayinlashini so‘radi. Sud unga jazo tayinlashda barcha jihatlarni e’tiborga oldi. Unga Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2024 yil 18 martdagi hukmi bilan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismini to‘liq qo‘shishlik yo‘li bilan uzil-kesil 3.300.000 so‘m jarima jazosi hamda ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 11 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Alisher Jalilov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining raisi.