English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tadqiqotlar – yangi davr ehtiyoji
17:09 / 2026-02-18

Jamiyatda strategik fikrlash, o‘zaro hurmat, inson huquqlariga ehtirom, mas’uliyat va axloqiy me’yorlarga amal qilish xususiyatlarini barqaror saqlash, zarurat tug‘ilganda, shakllantirish va boyitish taraqqiyotning eng muhim shartidir. Nafaqat davlat siyosatini olib borish, balki xususiy sektor tashkilotlari – tijorat kompaniyalari, ommaviy axborot vositalari, ishlab chiqaruvchi korxonalardan tortib ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, xizmat ko‘rsatish sohalarigacha ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, jamiyat psixologiyasidagi sokinlik va xotirjamlik kayfiyatini saqlash, shuningdek, rejali, bosqichma-bosqich davom etadigan ishlash tartibini joriy qilish yangi davrning zaruriy xususiyati sanaladi.

Shu ma’noda jamiyatni turli aspektlardan chuqur o‘rganadigan, paydo bo‘layotgan har bir voqelikni tadqiqqa tortadigan, sabablar va oqibatlar to‘g‘risida prognozlarni ilgari suradigan, mustahkam metodologik va metodlarga ega bo‘lgan, iqtisodiy jihatdan mustaqil va baquvvat ijtimoiy-ma’naviy tadqiqot institutlari faoliyatiga jiddiy ehtiyoj allaqachon yuzaga kelgan. Mazkur institutlar jamiyatning turli toifalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda, ehtimoliy muammolarni aniqlashda, keladigan zararlarni kamaytirishda, ruhiy-axloqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-tarbiyaviy sog‘lom muhitni barpo qilish va himoyalashda muhim o‘rin tutishi shubhasiz.

Ijtimoiy tadqiqotlar institutlari faqatgina odamlarning kayfiyatini o‘rganish yoki muayyan muammolarni kun tartibiga qo‘yish bilan cheklanmaydi, balki oila instituti, qadriyatlari tizimi, yoshlar ongidagi o‘zgarishlar, ishsizlik, malaka yetishmovchiligi, turli idora va tashkilot ishchilarining o‘zaro munosabatlari, jinoyatchilikning ko‘payishi yoki kamayishi omillari, umuman olganda, mavjud muammolarni tizimlashtirgan holda aniq statistik tadqiqot olib borib, tasdiqlangan metodologiya va metodlar asosida chuqur tadqiqotlar olib borish bilan shug‘ullanadi. Pirovardida, tahlillar natijasida olingan xulosalar asosida tavsiyalar ishlab chiqiladi; turli konferensiya, simpoziumlarda bu muammolarni hal qilish, jamoatchilik ishtirokida yechimlarni amaliyotga joriy etish choralari ko‘riladi.

Bu yangilik emas, balki dunyoning rivojlangan davlatlari bu masalada katta tajribaga ega. Ulardan ayrimlarini keltirishimiz mumkin.

AQSHdagi Rew tadqiqot markazi. O‘z ma’lumotiga ko‘ra, markaz mustaqil bo‘lib, notijorat, siyosiy betaraf, targ‘ibotdan xoli, u so‘rovnomalar, intervyular, raqamli ma’lumotlar, turli statistik axborotlar asosida jamiyatning bosh masalalarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi hamda jamoat muloqotini boyitish va to‘g‘ri qarorlar qabul qilish uchun faktlar, tekshirilgan ma’lumotlarni taqdim qilishni missiya sifatida qabul qilgan.

Chikago universitetidagi NORC tashkiloti. Mustaqil, betaraf bo‘lib, hukumat, korporatsiya va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik olib boradi, keng ko‘lamli jamoatchilik so‘rovlari o‘tkazadi. 80 yildan buyon faoliyat olib borayotgan tashkilot jiddiy tadqiqotlari bilan tanilgan.

RAND Corporation. 1948-yilda tashkil etilib, nomi “Research AND Development” (tadqiqot va rivojlanish) qisqartmasidan kelib chiqqan. Dastavval AQSH harbiy rejalashtirish va strategiyasi uchun ilmiy yo‘naltirilgan tadqiqotlar bilan shug‘ullangan tashkilot siyosat, ijtimoiy tadqiqot, global muammolarni o‘rganishga diqqat qaratdi.

National Centre for Social Research (NatCen). Buyuk Britaniyadagi eng yirik mustaqil, notijorat ijtimoiy tadqiqot tashkiloti bo‘lib, 50 yildan ziyod vaqt mobaynida Britaniyada ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazib kelmoqda. NatCen odamlarning haqiqiy fikr va hayot tajribalarini o‘rganish orqali olib boriladigan siyosat va ko‘rsatiladigan xizmatlar jamiyat ehtiyojlariga mos bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Aniq ma’lumot to‘plash, tahlil qilish va natijalarni taqdim etishda yangi metodlarni qo‘llaydi, jumladan murakkab so‘rovlar va innovatsion yondashuvlarni amalga oshiradi. NatCen hukumatlar, nodavlat-notijorat tashkilotlar, xayriya jamiyatlari va boshqa ilmiy dargohlar bilan hamkorlik qiladi va ularning boshqaruvdagi yondashuvlari shakllanishiga jamoatchilik ovozi bilan ta’sir ko‘rsatadi.

Max Planck Institute for the Study of Societies. Germaniyaning Kyoln shahrida joylashgan nufuzli ijtimoiy fanlar tadqiqot instituti zamonaviy jamiyatni boshqarish va ijtimoiy-siyosiy tizimlarning ishlash mexanizmlarini chuqur o‘rganadi. Bozorlar, korporatsiyalar va ularning tarixiy, institutsional va madaniy kontekstlarda qanday o‘zgarishini tahlil qiladi.

Australian Institute of Family Studies. AIFS – Avstraliya oila, farzandlar va oilaviy hayot bilan bog‘liq ijtimoiy yondashuvlarni o‘rganadigan mustaqil ilmiy tadqiqot instituti bo‘lib, oilaviy hayotni yaxshilash, oilalar, farzandlar, qarindoshlik aloqalari va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq masalalarni ilmiy asosda o‘rganadi. Tadqiqotlarga tayangan holda hukumatga va jamoatchilikka tavsiyalar ishlab chiqib, taqdim qiladi. Oilaviy munosabatlar va farzand tarbiyasidagi muammolarni hal qilish hamda ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha izlanishlar olib boradi.

National Institute of Population and Social Security Research.  

IPSS – Yaponiyaning Milliy aholi va ijtimoiy xavfsizlik tadqiqot instituti 1939-yilda asos solingan Population Problems Institute hamda 1965-yildan buyon ishlab kelgan Social Development Research Instituteni birlashtirish natijasida 1996-yilda tashkil qilingan. Institut ijtimoiy xavfsizlik sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boradi va jamiyatning hozirgi va kelgusi vaziyatini kompleks tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Ilmiy izlanishlar jarayonida aholi soni, yosh va jinsi, uylanish va yolg‘iz yashash tarzini tanlash bilan bog‘liq demografik tendensiyalarga diqqat qaratadi. Demografik tahlil va xulosalari hukumat siyosati va mahalliy boshqaruvni belgilashda jiddiy e’tiborga olinadi.

Korea Institute for Health and Social Affairs.

KIHASA. Janubiy Koreyada sog‘liq, ijtimoiy siyosat va hayot sifati bo‘yicha tadqiqotlar olib boruvchi yetakchi ilmiy institutlardan biri hisoblanadi. Ushbu tashkilot sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xavfsizlik va jamiyat farovonligini yaxshilash bo‘yicha ilmiy-tahliliy tadqiqotlar olib borish bilan shug‘ullanadi. Ijtimoiy yordam, pensiya, hukumatning oila bo‘yicha siyosati, mehnat bozori va ijtimoiy barqarorlik masalalari ustida tizimli izlanishlarni amalga oshiradi. Sog‘liqni saqlash tizimi, kasalliklar profilaktikasi va xizmatlar samaradorligi bo‘yicha ilmiy tahlillar o‘tkazadi. Jamiyatda yashash sharoitlari, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini ilmiy jihatdan tadqiq qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar bilan keng hamkorlikda ishlaydi.

Jahon miqyosida bu kabi yuzlab ijtimoiy tadqiqotlar institutlarini misol qilib keltirish mumkin, diqqat qaratiladigan nuqta shuki, xalq va jamiyat bilan muloqot o‘rnatish, turli darajadagi tarangliklarning oldini olish, muammolar yuzaga kelmay, tegishli choralarni ko‘rish, chuqur fundamental tadqiqotlarning bugungi zaruriyat ekanligi sir emas, shuningdek, bunday tadqiqot olib boruvchi institutlarning mustaqil va xolis ishlashi, milliy zehniyat va qadriyatlardan, davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda o‘z ishini tashkillashtirishi, xalqaro tajribalarni o‘rganib, kerakli jihatlarini o‘zlashtirib, tadqiqot usuli sifatida qo‘llash kabi masalalarni kechiktirmay hal qilishga kirishmoq lozim.

Akrom Malikov,

Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti kichik ilmiy xodimi.