Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ijtimoiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari
12:08 / 2019-11-12

Bugungi kunda dunyoda ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun xayriya va tijorat, innovatsiyalar va an’anaviy biznes amaliyotlari chorrahasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tobora ko‘payib bormoqda. Shunga qaramay, “ijtimoiy tadbirkorlik” fenomeni rivojlanishining huquqiy jihatlari hali o‘zining boshlang‘ich bosqichlaridadir.

Bugungi kunda dunyoda ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun xayriya va tijorat, innovatsiyalar va an’anaviy biznes amaliyotlari chorrahasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar tobora ko‘payib bormoqda. Shunga qaramay, “ijtimoiy tadbirkorlik” fenomeni rivojlanishining huquqiy jihatlari hali o‘zining boshlang‘ich bosqichlaridadir.

Ijtimoiy tadbirkorlik huquqiy maydonining mavjud emasligi imtiyozlar va preferensiyalar berish qoidalari ishlab chiqilmaganligi, binolarni sotib olish va ijaraga olishda qiyinchiliklar, mahsulotlarni sotish bilan bog‘liq muammolar va hokazolar kabi salbiy oqibatlarga olib keladi. Bunday qiyinchiliklar, ayniqsa, ijtimoiy tadbirkorlikka alohida e’tibor qaratayotgan MDH mamlakatlarida sezilmoqda.

Shu munosabat bilan AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Malayziya, Janubiy Koreya kabi ilg‘or dunyo mamlakatlarida ijtimoiy tadbirkorlikni huquqiy tartibga solish sohasidagi asosiy tendensiyalarni o‘rganish quyidagi asosiy fikrlarni ajratib ko‘rsatilishiga imkon beradi.

I. Ijtimoiy tadbirkorlik tarifini aniqlashda yagona yondashuvning yo‘qligi muammosi

Chet el amaliyotida ba’zan bir-biriga zid bo‘lgan ijtimoiy tadbirkorlikning turli xil ta’riflari mavjud. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ijtimoiy tadbirkorlik atamasini aniqlashda yagona huquqiy yondashuvni ishlab chiqish murakkabligi quyidagi holatlar bilan izohlanadi.

Ijtimoiy tadbirkorlikning kelib chiqishi. Ba’zi mamlakatlarda (Italiya, Malayziya) ijtimoiy korxonalar asosan davlat sektori 
va notijorat sektor faoliyati natijasida paydo bo‘ladi. Boshqa mamlakatlarda (AQSh, Buyuk Britaniya) esa ular tijorat sektoridan kelib chiqadi. Muayyan mamlakatda ijtimoiy tadbirkorlikning kelib chiqishi ushbu turdagi tadbirkorlikning asosiy xususiyatlarini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

Ijtimoiy tadbirkorlikning maqsadi. Ba’zi ekspertlar ijtimoiy tadbirkorlikni aholi farovonligi uchun qilinadigan tadbirkorlik faoliyatining har qanday turi sifatida ko‘rishadi, boshqalari esa ijtimoiy tadbirkorlikni kam ta’minlanganlarga xizmat ko‘rsatish yoki nogiron guruhlarni ish bilan ta’minlash kabi muayyan faoliyat turi deb bilishadi. Biroq, ko‘pchilik ekspertlar ijtimoiy korxonaning faoliyati aniq ijtimoiy yoki ekologik maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak degan fikrga qo‘shiladilar.

Faoliyatning shaffofligi. Ijtimoiy korxonalar jamiyat uchun keltirayotgan o‘zlarining ijtimoiy yoki ekologik foydalari to‘g‘risida hisobot berishlari shart, ammo ko‘pchilik mamlakatlarda buni nazorat qilish sohasida hisobot berishning yagona shakli va mezonlari hali ishlab chiqilmagan.

Moliyaviy barqarorlik. Ba’zi mamlakatlar (AQSh, Buyuk Britaniya) ijtimoiy korxona savdo-sotiqdan o‘z daromadini olishi va uzoq muddatli kapitalni jalb qila olishi kerak, deb hisoblaydi. Bunday hollarda aksiyadorlar investitsiyalar kiritgani uchun cheklangan miqdorda mukofot olishlari mumkin bo‘ladi. Boshqa mamlakatlarda (Janubiy Koreya, Italiya) esa, ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish asosan davlat buyurtmalariga, davlat sektori grantlariga va xususiy xayriyalarga bog‘liq bo‘ladi.

Foyda taqsimoti. Ba’zi mamlakatlardagi ijtimoiy korxonalar foydani taqsimlashni mutlaqo ta’qiqlaydigan tashkilotlardan tashkil topadi. Boshqa davlatlarda (anglo-sakson mamlakatlari) esa foydani qayta taqsimlashda ma’lum bir chegara o‘rnatiladi (misol uchun, foydaning 
20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorida) va aktivlarni xususiylashtirishga cheklovlar qo‘yadilar.

Innovatsiyalar. Ijtimoiy korxonalar ko‘pincha va ayniqsa tejash 
va inklyuzivlik usullarini qo‘llab-quvvatlashda innovatsion deb hisoblanadi. Buyuk Britaniya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy korxonalar kichik va o‘rta korxonalarga qaraganda ko‘proq darajada innovatsiondir. Biroq, innovatsiyalar ijtimoiy korxonalarning asosiy xarakterli xususiyati sifatida qaralmaydi.

Ishchi kuchi. Ba’zi mamlakatlarda (Italiya) ko‘ngillilar yoki davlat tomonidan badal to‘lanadigan ishchilardan tashkil topgan jamoat tashkilotlari ijtimoiy korxonalar deb tan olinadi. Boshqalarida esa, ijtimoiy korxonalar pullik ishchilarni yollashlari kerak bo‘lib, bunda ular ko‘pincha nochor guruhlar uchun ish topishga aniq e’tibor beradi. Ba’zi mamlakatlar ijtimoiy korxonalarida, yuqori boshqaruv darajasidagi xodimlarga ish haqi bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilgan.

II. Ijtimoiy korxonalarga beriladigan imtiyozlar va preferen-siyalar

Ijtimoiy korxona mavqeini aniqlash uchun batafsil mezonlar mavjud bo‘lmagan ko‘pgina mamlakatlarda imtiyozlar va preferensiyalar berish ijtimoiy korxonalarning tashkiliy-huquqiy shakllariga qarab farq qiladi. Bundan tashqari, xorijiy davlatlar amaliyotida ijtimoiy tadbirkorlik uchun, agar ularning tashkiliy shakli notijorat yoki xayriya jamg‘armasi bo‘lmasa, soliq imtiyozlari taqdim etilmaydi.

Ijtimoiy korxonalarga davlat tomonidan keng ko‘lamda yordam ko‘rsatadigan davlatlar orasida Italiya va Janubiy Koreya alohida ajralib turadi. Xususan, sertifikatlashtirish talablariga mos kelsa, soliq imtiyozlari, preferensiyalar, yengilliklar, subsidiyalar, davlatning ijtimoiy buyurtmalarida kafolatlangan tarzda ishtirok etish va boshqa ustunliklarga ega bo‘ladi.

Ijtimoiy korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi mukammal rivojlanganlik jihatidan namunali hisoblanadigan davlat – bu, shubhasiz, Janubiy Koreyadir.

Xususan, 1997 yilda boshlangan Osiyo moliyaviy inqirozi Janubiy Koreyada ommaviy ishsizlik va turmush darajasining keskin pasayishiga olib keldi. Bu esa Janubiy Koreyada hukumatning ijtimoiy biznesga alohida e’tibor qaratishiga turtki bo‘ldi. Aynan shu davrda mamlakat rahbariyati o‘sha paytda Koreyada deyarli bo‘lmagan nodavlat-notijorat va ijtimoiy korxonalar ko‘magidan foydalanishga qaror qildi. Bu jarayon deyarli o‘n yil davom etdi va 2007 yilda puxta ishlab chiqilgan “Ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida” Qonun qabul qilinishi bilan yangi bosqichga ko‘tarildi. Qonunda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga yoki aholining zaif qatlamlari uchun ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan tijorat faoliyatining barcha turlari bo‘lgan ijtimoiy tadbirkorlikning aniq ta’rifi berilgan. Bundan tashqari, qonun ijtimoiy faoliyat deb qaralishi mumkin bo‘lgan oddiy va o‘lchov mezonlarini berdi va majburiy sertifikatlash tartibi joriy etdi. Umummilliy darajada Koreya ijtimoiy korxonalarini qo‘llab-quvvatlash agentligi va Ijtimoiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi tashkil etildi. Ular ijtimoiy biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha barcha tadbirlar uchun – axborot ko‘magi va festivallardan tortib, ijtimoiy tadbirkorlarning professional hamjamiyatini shakllantirish, ular o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatadi.

Bunday aniq yo‘naltirilgan va jadal davlat siyosati tufayli o‘n yildan ortiq vaqt davomida Janubiy Koreyada o‘n minglab odamlar jalb qilingan kuchli ijtimoiy biznes sektori yaratildi. Umuman olganda, bugungi kunda mehnatga layoqatli aholining kamida 60 foizi ushbu mamlakatning kichik biznesida ishlaydi, bu albatta Koreya Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy modelini 1997 yildagiga qaraganda jahon iqtisodiyotidagi tebranishlarga nisbatan ancha chidamli qildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, dunyoda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishi va ushbu tendensiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada o‘sgan sharoitda, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar hukumatlari ijtimoiy tadbirkorlikning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha samarali choralarni ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat bermoqdalar.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi sharoitida, ijtimoiy tadbirkorlik institutini yaratish va uni rivojlantirish uchun davlat tomonidan to‘laqonli qo‘llab-quvvatlash tizimini nazarda tutuvchi me’yoriy asoslarni ishlab chiqish, shu jumladan ularga subsidiyalar va grantlar e’lon qilish, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish, shuningdek doimiy ravishda maslahat-konsultativ yordam ko‘rsatish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bunda ijtimoiy tadbirkorlikning afzalliklari to‘g‘risida jamoatchilik va ishbilarmon doiralarni xabardor qilish choralarini ko‘rish ham muhim ahamiyatga ega.

N.NORBAEV,

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat

tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i.